Zomin davlat qo‘riqxonasining qo‘ng‘ir ayig‘i
2025-05-19 10:00:00 / Yangiliklar

Qo‘ng‘ir ayiq zaif, keng, biroq mozaik tarqalgan kenja tur hisoblanadi. O‘zbekiston Qizil kitobi va CITESning I Ilovasiga kiritilgan. G‘arbiy Tyan-Shan, g‘arbiy Pomir-Oloyda keng tarqalgan. Shuningdek, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Pokiston, Hindistonning shimoli, Xitoy, Nepal Shimoliy Yevroosiyo va Shimoliy Amerikada ham uchraydi.
Qo‘ng‘ir ayiqlar mart-oktabrda ko‘pincha ertalab va kechki paytlari faol, inlariga berkinadi va o‘sha yerda qishlaydi ham. Ikki yilda bir marta – yanvar-fevral oylarida bolalaydi. Bolalari mart-aprelda inlaridan chiqadi, 3-4
yoshida voyaga yetadi. Mevalar, ildizlar, ba’zan sut emizuvchilar, hasharotlar, o‘laksalar bilan oziqlanadi. 30 yilgacha yashaydi.
Ma'lumot uchun, Zomin davlat qo'riqxonasi 1928-yil 5-iyunda Jizzax viloyatining Zomin va Baxmal tumanlarida tashkil qilingan. Hududda 140 turdan ortiq hayvonot dunyosi uchraydi, shundan 20 turga yaqini O'zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Zomin qo‘riqxonasida Tyan-Shan qo'ng'ir ayig'i, Turkiston silovsini, Sibir tog' echkisi, oq boshli qumoy, burgut va tasqara ko‘p uchraydi.


