Oziqlanayotgan Ustyurt qo‘ylari fotoqopqon obyektivida
2025-05-16 10:00:00 / Yangiliklar
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi tasarrufidagi Janubiy Ustyurt milliy tabiat bog'i hududiga o'rnatilgan fotoqopqonga oziqlanib yurgan Ustyurt qo’ylari muhrlandi.

Ustyurt qo’yi butunlay yo’q bo’lish arafasida turgan, lokal tarqalgan kenja tur hisoblanadi. O‘zbekiston Qizil kitobi va Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro ittifoqi Qizil ro‘yxatiga kiritilgan. Usturtning janubi, asosan, Qozoqli–Qoplonqir qismi, “Quruq ko‘l”, Sariqamish botiqlari, janubiy chinklarning sharqiy qismida uchraydi. Qozog‘iston va Turkmaniston Respublikalari bilan transchegaraviy populyatsiyaning bir qismi hisoblanadi.
Ma'lumot uchun, Janubiy Ustyurt milliy tabiat bog’i Qoraqalpog'iston Respublikasi Qo’ng'irot tumanida joylashgan bo’lib, 2020-yil 11-noyabrda tashkil topgan. Unda 149 turdagi hayvonot dunyosi mavjud va ulardan 36 turi O'zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.
