Yurtdoshlarimizning "Avtomobilsiz kun" aksiyasidan xabardorligi oshirildi
2025-04-24 09:00:00 / Yangiliklar

Toshkent va Nukus shaharlari hamda respublikamizdagi barcha viloyatlar markazlarida o‘tkazilgan aksiyada shaxsiy transport vositalaridan voz kechib, atrof-muhit uchun zararsiz bo‘lgan texnika vositalaridan, xususan, jamoat transporti, velosipedlardan foydalanish hamda piyoda yurishga alohida e'tibor qaratildi.
Tadbir davomida shaxsiy transport vositalaridan foydalanayotganlarga bugun "Avtomobilsiz kun" ekanligi hamda bu tadbir har oyning 4-chorshanbasida o‘tkazilishi haqida ma'lumot berildi. Shuningdek, ular orasida shaxsiy transport vositalaridan bir kunga voz kechish va ko‘proq jamoat transportidan foydalanish atmosfera havosi ifloslanishini kamaytirishi borasida targ‘ibot ishlari olib borildi.
Ma'lumot uchun, avtomobillar atmosfera havosini doimiy ifloslantirib keladigan manba hisoblanadi. Ya'ni ular yil davomida atmosferaga zararli tashlamalar chiqaradi. Ayniqsa, tirbandlik yuzaga kelganida ishlab turgan holda to‘xtab turgan transport vositalari havoni ko‘proq ifloslantiradi.
"Avtomobilsiz kun" aksiyasidan maqsad havoning ifloslanish darajasini kamaytirish, ekologiyani yaxshilash hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishdir. Ya'ni jamoat transportidan foydalanish yoki velosipedda yurish jismoniy faollikni rag'batlantiradi, bu esa sog'likka ijobiy ta'sir ko’rsatadi.
Hurmatli yurtdoshlar! O‘zimiz nafas olayotgan havo tozaligi uchun shaxsiy transport vositalaridan kamroq foydalaning! Har oyning to‘rtinchi chorshanbasida esa "Avtomobilsiz kun" aksiyasida faol ishtirok etib, farzandingiz, oila a'zolaringiz, yurtdoshlaringiz va, albatta, o‘zingizning salomatligingiz uchun hissa qo‘shing!

