22-aprel — Xalqaro Yer kuni
2025-04-22 11:00:00 / Yangiliklar

Xalqaro Yer kuni tabiat bilan uyg'un yashash, tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va atrof-muhitni vayronagarchilikdan himoya qilish zarurligi haqida xabardorlikni oshirishga qaratilgan.
2025-yilgi mavzu — "Sayyoramizning energiyasi". Bu shior barqaror kelajak sari asosiy qadam sifatida qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish zarurligini ta’kidlaydi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida mamlakatimiz hukumati tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha ulkan maqsadlar qo‘yilmoqda. 2030-yilga kelib qayta tiklanadigan energiya manbalari quvvatini 25 GVtga oshirish rejalashtirilgan, bu esa yiliga 64 milliard kVt/soat “yashil” energiya ishlab chiqarish va uning umumiy ishlab chiqarish hajmidagi ulushini 50 foiz va undan ko‘proqqa oshirish imkonini beradi. Bundan tashqari, 2025-yildan boshlab yangi investitsiya loyihalarining 15 foizida “yashil” komponentlar bo‘lishi, bu ko‘rsatkich 2027-yilga borib 30 foizga, 2030-yilga kelib esa 55 foizga ko‘tarilishi kerak.
Har birimiz barqaror kelajakka o'tishga hissa qo'shishimiz mumkin. Kundalik hayotda energiyani tejash, tejamkor texnologiyalardan foydalanish, resurslar sarfini kamaytirish va qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash har bir inson qila oladigan oddiy, ammo muhim qadamlardir. Global tashabbusga qo'shilish orqali biz atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik barqarorlikni qo'llab-quvvatlashda faol ishtirok etamiz.
Xalqaro Yer kuni sayyoraga g'amxo'rlik qilish har birimizdan boshlanishini eslatib turadi. Elektr energiyasidan oqilona foydalanaylik, resurslarni tejaylik va kelajak avlodlar uchun yashil va xavfsiz dunyo yaratishga intilaylik.
