Umrini atrof-muhit tozaligiga bag‘ishlagan xodim: "Kasbimdan faxrlanaman"
2025-03-14 16:00:00 / Yangiliklar

Ana shunday fidoiy xodimlarni munosib tarzda e’tirof etish maqsadida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan “Tozalik posbonining bir kuni” nomli loyiha yo‘lga qo‘yildi.
Loyihaning dastlabki qahramoni Samarqand viloyati, Jomboy tumani, “Toza hudud” davlat korxonasi filiali yuk tashuvchisi Bahrom Qarshiyevdir.
Bahrom Qarshiyev sanitar tozalash sohasida 10 yildan ortiq vaqt davomida xizmat qilib kelmoqda. Qahramonimiz tong sahardan kech tushgunga qadar aholi turar joylari, ko‘chalarga tashlab ketilgan chiqindilarni maxsus transport vositasiga ortib, kerakli manzilga olib boradi.
“Kasbning yaxshi-yomoni bo‘lmaydi. Muhimi, halol mehnat, — deydi qahramonimiz. — Rizqimni shu kasb ortidan topyapman. Shuning uchun vijdonan ishlashga, birorta ham chiqindi qoldirmaslikka harakat qilaman. Shu mehnatim tufayli oilamni boqyapman, nolimayman”.
Bahrom Qarshiyev mashaqqatli va fidokorona mehnatlari tufayli “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
“Juda xursand bo‘ldim. Ko‘krak nishonini oilamga, qizimga, hamkasblarimga ko‘rsatganimda kasbimdan yana bir bor faxrlandim. Kasbimiz e’tiborda ekanligini, mehnatimiz doimo qadrlanishini his qildim”, — deydi qahramonimiz.
Umrini insonlarning og‘irini yengil qilish, ekologiya, atrof-muhitni ozoda saqlashga bag‘ishlagan Bahrom Qarshiyev bugun ikki farzandning otasi, oilasi bilan baxtli hayot kechirmoqda.
Ming afsuski, ko‘cha-ko‘yda duch kelgan joyga chiqindi tashlab ketaveramiz, ammo bu xatti-harakatimiz atrof-muhitning ifloslanishiga sabab bo‘lishini, kimlardir shu chiqindilarni tozalashi haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz.
Barchangizni chiqindilarni belgilangan joylarga tashlashga, atrof-muhitni ifloslantirmaslikka, shu sohada xizmat qilayotgan Bahrom Qarshiyev kabi insonlarning mehnatini qadrlashga chaqiramiz.

