Buyuk siymolarga ehtirom
2025-02-14 18:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda vazirlik va O‘rmon xo‘jaligi agentligi markaziy apparati hamda hududiy bo‘linmalari va tizim tashkilotlari xodimlari (onlayn) ishtirok etdi.
“Alisherbek naziri yo‘q kishi edi. Turkiy til bila to she’r aytubturlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘p aytgon emas”, – deb yozgan Zahiriddin Muhammad Bobur.
Darhaqiqat, turkiy tilda “Xamsa” bitib, tilimizning lisoniy imkoniyatlarini Navoiydek yuksak darajaga ko‘targan va jahondagi boshqa tillardan kam emasligini isbotlab bergan boshqa shoir yo‘q. Yoki buyuk mutafakkirning shoh bayti bo‘lgan quyidagi misralar bugungi kunda ham insoniyatni komillikka, ya’ni o‘ziga yuklatilgan eng ulug‘ amal – tinch-totuv va ahillikda yashashga da’vat bo‘lib yangramoqda:
"Olam ahli, bilingizkim ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘lung bir-biringizgakim, erur yorlig‘ ish".
“Boburnoma” asari o‘zbek tilida yozilgan dastlabki tabiiy va tarixiy geografik asarlarning eng yirigi bo‘lib, o‘ttizdan ziyod tillarga tarjima qilingan. Asarda Bobur sayyoh va tabiatshunos sifatida XV asr oxiri XVI asr boshlaridagi O‘rta Osiyo, Afg‘oniston va Hindiston tabiati, geografiyasi, iqlimshunoslik va gidrologiya, nabobat va hayvonot dunyosi, toponimika va terminologiyaga oid qimmatli ma’lumotlar beradi. “Boburnoma”da tasvirlangan yirik joylar xaritasi ishlangan.
Tadbirda adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov buyuk allomalar ijodining jahon adabiyotidagi o‘rni, bu merosni anglash yo‘lida bugungi avlodlar zimmasidagi ulkan mas’uliyat haqida so‘z yuritdi. Har ikkala ijodkor adolat va ezgulik kuychisi, ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyot homiysi sifatida mumtoz adabiyotimiz ravnaqiga katta hissa qo‘shgani ta’kidlandi.


