Bugun, 2-fevral — Butunjahon suvli-botqoqli yerlar kuni
2025-02-02 09:00:00 / Yangiliklar
1971-yilning shu kuni Eronning Ramsar shahrida suvda suzuvchi qushlarning yashash joyi sifatida xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan suvli-botqoqli yerlar toʻgʻrisidagi konvensiya imzolandi.
Oʻzbekistonning 5 hududi xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan Ramsar konvensiyasi roʻyxatiga kiritilgan: Dengizko‘l ko‘li (2001), Arnasoy ko‘llar tizimi (2008), To‘dako‘l va Quyimozor suv omborlari (2020), Sudochye koʻllar tizimi (2023) va Jiltirbas ko’li (2024).
Suvli-botqoqli yerlar insonlar va tabiat uchun katta ahamiyatga ega. Ular suv toshqinlari va qurg'oqchilikning salbiy oqibatlarini kamaytirishda muhim rol o'ynaydi. Suvli-botqoqli yerlar yer yuzining qariyb olti foizini egallagan bo'lsa-da, o'simlik va faunaning taxminan 40 foizini tashkil qiladi. Shu sababli suvli-botqoqli yerlar suv resurslarini tartibga solish orqali insonlar, boshqa ekotizimlar va bizning iqlimimiz uchun juda muhimdir.