200 million tup daraxt ekish hamda quyosh panellaridan foydalanish taklif etilmoqda
2025-01-21 13:00:00 / Yangiliklar

Bu tashabbus “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasida keltirib o‘tilgan.
Dolzarbligi
Ma’lumki, O‘zbekiston daraxt resurslari kam mintaqada joylashgan. O‘rmon bilan qoplanish darajasi o‘rtacha 8-9 foizni tashkil etadi. O‘z navbatida Yer sayyorasining qariyb 60 foiz ekotizimi inqirozga uchramoqda. 87 ta suv va suv yonbag‘irlari, 46 ta cho‘l va 43 ta tog‘ ekotizimlari yo‘qolib ketish arafasida.
Mutaxassislarning ma’lumotlariga qaraganda, hozirgi kunda yer yuzida 370 000 o‘simlik turi mavjud bo‘lib, ularning 60 mingga yaqin turi va 7 mingdan oshiq hayvonlar turi umuman yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida.
Qolaversa, o‘rmonlarni keng ko‘lamda kesish va atmosfera havosiga issiqxona gazlarining tashlanishi natijasida 2030-yilga borib O‘zbekistonning shimoliy zonasida o‘rtacha yillik harorat + 2 – +3 S° darajaga, janubiy zonada esa +1 S° darajaga (o‘rtacha + 2 S°) ko‘tarilishi taxmin qilinmoqda, bu esa muzliklar hajmi kamayib, suv tanqisligi ortishiga olib keladi.
"O‘zbekiston – 2030 strategiyasi”da respublikada har yili 200 mln tup manzarali va mevali daraxt, buta ko‘chatlarini ekish, 2030-yilga qadar yashillik darajasini 30 foizga, o‘rmon bilan qoplanish darajasini esa 15 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Amaliyotga tatbiq etilishi
Loyihaga ko‘ra, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan “Mening bog‘im” loyihasi bo‘yicha respublikaning 208 ta shahar va tumanlarida har yili barpo qilinadigan “Yashil jamoat parklari”da quyosh panellarini o‘rnatish orqali yoritish tizimini joriy qilish ko‘zda tutilgan.
Xalqaro tajriba
Qozog‘istonda 2021-yil oktabr oyida “Yashil Qozog‘iston” milliy loyihasi tasdiqlangan. Loyiha doirasida 2021-yildan 2025-yilgacha o‘rmon bilan qoplangan maydonlarni kengaytirish, jumladan, 2 milliard tup daraxt ekish, tur va ekish hududlari bo‘yicha saqlab qolishning standart darajasini ta’minlash rejalashtirilgan. Umuman olganda, ushbu yillarda o‘rmon bilan qoplangan maydonlarni 453,8 ming gektarga ko‘paytirish maqsad qilingan.
Germaniya esa har yili “Yashil yo‘lak”, “Yashil makon” kabi loyihalarga asoslanib, turar joy hamda ma’muriy bino va inshootlar tomiga quyosh panellari o‘rnatish orqali “ekologik toza” energiya olish yo‘liga o‘tmoqda.
Qanday foydasi bor?
200 million tup daraxt hamda butalar ekish yashillik darajasi oshishiga va ekologik tizim yaxshilanishiga olib keladi. Quyosh panellaridan foydalanish esa atmosferaga tashlanadigan issiqxona gazlari miqdori kamayishiga sabab bo‘ladi. Xususan, quyosh paneli 1 kVt soat energiya ishlab chiqarish jarayonida atigi 50 g karbonat angidrid hosil qiladi. Taqqoslash uchun, xuddi shunday miqdorda energiya olish uchun ko‘mirdan foydalanilganda, 1000 g karbonat angidrid ajralib chiqadi.
Ma’lumot uchun, Prezident Farmoni loyihasi “O‘zbekiston-2030” xalq strategiyasi onlayn portalida keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Loyiha 2025-yil 22-yanvarga qadar keng jamoatchilik va ekspertlik muhokamalaridan o‘tkaziladi. Unda siz ham faol ishtirok etib, o‘z taklif va mulohazalaringizni uzbekistan2030.uz onlayn portali hamda @Ekologiya_yili_bot telegram boti orqali yuborishingiz mumkin!
