Oʻzbekistonning Orxus konvensiyasiga qoʻshilishi haqidagi qonun loyihasi qabul qilindi
2024-12-12 12:30:00 / Yangiliklar
Maʼlumot uchun, Orxus konvensiyasi 1998-yil 25-iyunda Daniyaning Orxus shahrida BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi doirasida qabul qilingan va 2001-yil 30-oktyabridan kuchga kirgan. Konvensiya ishtirokchi davlatlar soni bugungi kunda 46 tani tashkil qiladi. Mazkur xalqaro hujjat 22 ta modda va 2 ta ilovadan iborat boʻlib, maqsadi insonlarning sogʻligʻi va farovonligi uchun qulay boʻlgan atrof-muhitga ega boʻlish va uning holati toʻgʻrisidagi ishonchli axborotdan foydalanish huquqini qoʻllab-quvvatlash, atrof-muhit masalalarida qarorlar qabul qilishda jamoatchilik ishtirokini va adolatli sudlovni taʼminlashdan iborat.
Qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-oktyabrdagi “2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining “Atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 5863-son Farmoni hamda 2023-yil 31-maydagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 171-son qaroriga asosan ishlab chiqilgan.
Taʼkidlash joizki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 49-moddasi birinchi qismida Orxus konvensiya qoidalariga mos ravishda inson hayoti asosini belgilab beruvchi fundamental va ajralmas ekologik huquq hisoblangan har kimning qulay atrof-muhitga, uning holati toʻgʻrisidagi ishonchli axborotga ega boʻlish huquqi mustahkamlab qoʻyildi. Shuningdek, hujjat loyihasini ishlab chiqishda BMT Yevropa Iqtisodiy Komissiyasining “Oʻzbekistonning ekologik faoliyati natijalarini baholash boʻyicha uchinchi xalqaro ekologik sharhi”dagi Orxus konvensiyaga qoʻshilish masalasi yuzasidan tavsiyalari inobatga olingan.
Shu bilan birga, BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashining Munosib turar-joy masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Balakrishnan Rajagopal Oʻzbekistonga tashrifi doirasida Orxus konvensiyasiga qoʻshilishga ijobiy baho bergan.
Konvensiyaning asosiy tamoyillari Oʻzbekistonning milliy ekologik strategiyasi mos keladi. Mamlakatimizning ushbu konvensiyaga qoʻshilishi barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga yordam beradi va quyidagi huquqlarni kafolatlaydi:
— fuqarolarning davlat organlarida mavjud boʻlgan ekologik axborotni olish huquqi;
— fuqarolarning atrof-muhit holatiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan, xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq reja va dasturlar, strategiyalar va qonun hujjatlarini tayyorlashda ishtirok etish huquqi;
— fuqarolarning axborotdan foydalanish yoki jamoatchilik ishtiroki bilan bogʻliq huquqlari buzilgan hollarda ularni sudda koʻrib chiqish jarayonlarida ishtirok etish huquqi.
Bu oʻz navbatida Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi nufuzini yanada oshiradi, mamlakatimizning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi hamda ushbu yoʻnalishda xalqaro hamkorlik rivojlantiriladi, sohaga begʻaraz grant va texnik koʻmak mablagʻlari jalb qilinadi.
Xalqaro ekspertlar tahliliga koʻra, turli xil ekologik muammolarni hal etish va ekologik jinoyatlarga odil sudlov orqali erishish Prezident xalq qabulxonasi faoliyati doirasida yechim topayotgani Konvensiya majburiyatlaridan milliy qonunchilik tizimi takomillashganiga alohida urgʻu berilgan.
Orxus konvensiyasiga qoʻshilish davlatimizning demokratik rivojlanishi va ekologik xavfsizlikka boʻlgan saʼy-harakatlarini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilish bilan birga, mamlakatimizning xalqaro maydondagi pozitsiyasini yanada mustahkamlaydi.