Ekologiya vazirligida o‘zbek tilining imkoniyatlaridan samarali foydalanishga qaratilgan kurslar tashkil etildi
2024-10-26 13:00:00 / Yangiliklar

“Notiqlik akademiyasi” nodavlat ta’lim muassasasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-o‘qituvchilari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimlari, taniqli shoir va yozuvchilar tomonidan o‘tilgan o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarda tinglovchilar uchun o‘zbek tilining mavqeini oshirish, davlat tili haqidagi qonunchilik hujjatlari ijrosini ta’minlash, davlat fuqarolik xizmatchilarining muloqot va muomala etiketini shakllantirish mavzularida treninglar tashkil etildi.
– Bugungi globallashuv davrida mamlakatlar taraqqiyotida inson omilining o‘rni beqiyos. Shu ma’noda, bilimli, intellektual salohiyatga ega bugungi zamon kishisi ta’sirchan va go‘zal muomala nutqiga ega bo‘lmog‘i lozim, – dedi filologiya fanlari nomzodi, professor Rahimboy Jumaniyozov. – Mazkur o‘quv-amaliy kurslarini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shundan iborat.
O‘quv-amaliy kurslari davomida ishtirokchilar davlat xizmatchisining og‘zaki yuridik muloqoti va hujjatlarni yozma rasmiylashtirish, ommabop nutq tili va uslubi, nutqni rivojlantirishning samarali usullari hamda davlat xizmatchisining kasbiy madaniyati, xizmat faoliyati davomida va xizmatdan tashqari vaqtda odob-axloqi va etiket me’yorlari kabi mavzularda mahorat oshirdilar.








