“Barsakelmes” Davlat buyurtma qo‘riqxonasi
2024-09-01 00:00:00 / Qoriqxonalar

“Barsakelmes” Davlat buyurtma qo‘riqxonasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Fanlar akademiyalari tavsiyanomalariga asosan Ustyurt platosi hududida uning tabiiy ob'ektlari va majmualarini muhofaza qilish maqsadida “Barsakelmes” buyurtma qo‘riqxonasini 2022 yili tashkil topti. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani Ustyurt tekisligida 280 000 gektar yer maydonidan iborat bo‘lib, shundan 44 000 gektar yeri qo‘riqlanma zonasi hisoblanadi.
Tabiiy-geografik joylashgan o‘rni. O‘zbekiston Respublikasidagi yirik botiqlardan biri hisoblangan Borsakelmas botig‘i hududida joylashgan.
Hudud rel'efi tekis bo‘lib, karst rel'ef shakllari, ya'ni voronkalar, o‘pirilmalar va boshqalar ko‘p uchraydi. Borsakelmas botig‘i denudasion-deflyasion tipga mansub bo‘lgan erozion-sho‘rhok berk botiq hisoblanadi. Botiqning tubi tuz qatlamlari va rapa, ya'ni yuqori konsentratsiyali tuzli birikmalar bilan qoplangan. Botiqning eni 60-80 km ni tashkil etadi. Og‘iyn sho‘rxogi Borsakelmas botig‘ining shimoliy qismida joylashgan bo‘lib, mazkur sho‘rhok ko‘l tipidagi tekislik hisoblanadi.
Hududning iqlimi quruq va keskin kontinental tipda bo‘lib, yanvar' oyida o‘rtacha harorat -6 -8 darajani, iyul' oyida +28+30 darajani tashkil qiladi. Mutloq daraja yanvar' oyida -39 darajagacha, yozda +46 darajagacha bo‘lgani qayd etilgan. Yillik yog‘in miqdori 100-120 mm ni tashkil qilib, asosan qish-bahor fasliga to‘g‘ri keladi. Yog‘in yoqqan davrda vaqtinchalik o‘zanlardan oqqan suv Borsakelmas botig‘ining markazida joylashgan chuqurliklarda kichik ko‘llarni hosil qiladi. Qurg‘oqchilik davrida ushbu ko‘llar qurib qoladi. Yer osti suvlari sathi yer yuzasidan 10-30 metr pastda joylashgan bo‘lib, suvning sho‘rlanish darajasi litriga 10-35 grammni tashkil etadi.
Flora. Hududda oq saksovul (Haloxylon persicum), qir saksovuli (Haloxylon ammodendron), qora saksovul (Haloxylon apbyllum), yulg‘un (Tamarix sp.), iloq, soxtayantoq, sassiqkovrak, isiriq, ikki uyali qichitqio‘t, kovul, juzg‘un kabi o‘simliklar keng tarqalgan bo‘lib, o‘simlik turlaridan O‘zbekiston Respublikasi “Qizil Kitobi”ga noyob va yo‘qolib ketish arafasidagi turlar sifatida kiritilgan xiva sho‘ragi (Salsola chiwensis M.Pop) va qadahsimon sutlama (Euphorbia sclerocyathium Korovin et Rorov) alohida ahamiyatga ega o‘simliklar sifatida ajralib turadi. Xiva sho‘ragi Shimoliy O‘zbekiston hududlarida uchraydigan relikt o‘simlik turi sifatida ahamiyatga molikdir.
O‘simlik qoplami ushbu hududlarda nisbatan kam tanazzulga uchragan bo‘lib, qoplamning kelgusida xo‘jalik faoliyati ta'sirida buzilishi natijasida tuproq eroziyasining kuchayishi yuz beradi, tuz va qum zarralarining shamol ta'sirida Orolbo‘yi mintaqasiga olib ketilishi kuchayadi.
Fauna. Borsakelmas botig‘i zoogeografik jihatdan Paleoarktika o‘lkasining Ustyurt okrugiga mansub bo‘lgan Shimoliy plato uchastkasi hududiga qaraydi.
Mazkur hududda O‘zbekiston Respublikasi “Qizil Kitobi”ga kiritilgan sayg‘oq, jayron, hind asalxo‘ri, olako‘zon, korsak tulki, O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasi, uzun ignali tipratikan, to‘rt yo‘lli chipor ilon, burgut, qoraquloq, yo‘rg‘a tuvaloq, bizqaldoq kabi hayvonlar bilan birga bo‘ri, tulki, katta qumsichqon, yumronqoziq, ko‘rsichqon, tolay tovushqoni, xo‘jasavdogar, turg‘ay, oqbovur va boshqa hayvonlar keng tarqalgan. Mazkur hududlar sayg‘oq va turkman qulonlarining tarixiy areallari hisoblanadi.
Ekoturizm. Borsakelmas botig‘i va uning atrofidagi hududlarda tabiiy ob'ektlardan karst voronkalari va o‘pirilmalari, Gurkireuik ko‘li, tabiiy tuz zahiralaridan tashkil topgan Borsakelmas tuz koni va boshqalar alohida ajaralib turadi.
Tarixiy ob'ektlardan taxminan 14-15-asrlarga doir eski toshqurg‘on qoldiqlari (Alan ka'la), ochiq sardoba va boshqa ob'ektlar mavjud bo‘lib, kelgusida ekoturistik marshrutlarning tashkil etilishida asosiy tomosha va ziyorat ob'ektlari sifatida ahamiyatga ega.
- Gurkireuik ko‘li Nukus shaxridan 260 km, Qo‘ng‘irot tumanidan 160 km oraliq masofa joylashgan.
- qo‘riqxona Qo‘ng‘irot tumanidan 160 km masofada joylashgan.
Tashrif vaqti
Ish kunlari soat 12:00 dan 20:00 gacha (qishda 17:00 gacha) Dam olish va bayram kunlari soat 09:00 dan 21:00 gacha (qishda 17:00 gacha)
Manzil: Nukus shahri, Bekgeldi ko‘chasi 22 uy.