“Toza havo” oyligi: Toshkentda avtomobillar ekologik nazoratdan o‘tkazilmoqda
2024-09-23 17:35:00 / Yangiliklar
Ma'lumot uchun, "Toza havo" oyligi Oʻzbekiston Respublikasining “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 16, 17 va 28-moddalari hamda “Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi Qonunning 11-moddasi talablari ijrosini taʼminlash, foydalanishda boʻlgan avtotransport vositalarining ekologik holati yuzasidan davlat ekologik nazorat olib borish maqsadida respublika miqyosida doimiy tarzda oʻtkazib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning 10-aprelidan 10-mayiga qadar “Toza havo” oyligining 1-bosqichi, 10-avgustidan 10-sentabriga qadar ikkinchi bosqichi boʻlib oʻtdi. 10-sentabrdan 10-oktabrga qadar esa Tadbir Toshkent shahrida davom ettirilmoqda.
Mazkur tadbir davomida atmosferafa davlat standartlarida belgilangan normalardan ortiq ifloslantiruvchi moddalar chiqarayotgan texnika vositalari aniqlanmoqda va ularning faoliyati nuqsonlari bartaraf etilgunga qadar to‘xtatilmoqda.
Ma'lumot uchun, “Toza havo” oyligining I bosqichida jami 205 184 ta, II bosqichida esa 167 324 ta avtotransport vositasi ekologik nazoratdan oʻtkazildi. Nosoz texnika vositalari vaqtincha toʻxtatilib, taʼmirlatish evaziga 1-bosqichda jami 147,2 tonna, 2-bosqichda esa 82,1 tonna ifloslantiruvchi moddalar atmosfera havosiga chiqarilishining oldi olindi.
Shu bilan birga, davlat standartlarining belgilangan normalarini qoʻpol ravishda buzgan avtotransport haydovchilariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining tegishli moddalari bilan choralar koʻrilmoqda.