Asosiy kontentga o'tish

O‘zbek tili bayrami kuni

2025-10-21 / Voqealar taqvimi

1989-yil 21-oktabrda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilingan. Ushbu qonun o‘sha davrda xalqimizning mustaqillik uchun qo‘yilgan dastlabki qadami bo‘lgan, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Qonun moddalarida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tili” ekanligi va O‘zbekiston Respublikasi hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishi belgilanganligi muhim ahamiyat kasb etgan.

2020-yil 10-aprelda O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi esa xalqimizning dilidagi, orzusidagi ish bo‘lgan edi. Ushbu qonun bilan har yili 21-oktabr mamlakatimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” sifatida keng nishonlanadi. 

Millatning nufuzi ana shu millat, xalq tilining qanchalik keng tarqalganligi, mukammalligi, ommalashganligi, boy va sofligi bilan belgilanadi. Shu ma’noda aytish joizki, ona tilimiz – o‘zbek tili ham asrlar osha o‘z sofligini, o‘ziga xos jihatlarini saqlab, sayqallanib, yashab kelayotgan dunyodagi o‘nlab tillardan biri hisoblanadi. Ona tilimiz millatimiz ko‘rki, g‘ururi sifatida xalqaro miqyosda e’tirof topgan. Ayniqsa, Prezidentimiz 2020-yilda BMT Bosh Assambleyasining onlayn tarzda o‘tkazilgan 75-sessiyasida, yaqinda bo‘lib o‘tgan 78-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zlaganligi ona tilimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirdi. 

416

Oxirgi yangilanish: 2024-11-05 09:35:49