“O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida ekologiya sohasida qanday natijalarga erishildi?
2024-07-17 18:40:00 / Yangiliklar

Unda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov, Oliy Majlis Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi Boriy Alixonov, vazirlikning boshqarma, bo‘limlari va tizim tashkilotlari mutasaddilari ishtirok etdi.
Tadbirda Davlat dasturi ijrosi yuzasidan Ekologiya vazirligi tizimida 2024-yil I yarim yillikda erishilgan asosiy natijalar boʻyicha ma'lumot berildi.
"Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida joriy yilgi bahor mavsumida 138 mln tup daraxt va buta ko‘chatlari ekildi, shuningdek, sanoat korxonalari hududi va atrofida 5,3 mln tup daraxt ko'chati o‘tqazilib, "Yashil belbog'"lar tashkil qilindi, — dedi Iskandar Qutbiddinov. — Shuningdek, 257 ta "yashil bog‘lar" barpo etildi va ularning jami soni 517 taga yetkazildi. Eng muhim ishlardan biri esa, albatta, Orol dengizi tubida va Orolbo'yi mintaqasida 215 ming gektar maydonda "yashil qoplamalar" tashkil etilganidir. Qolaversa, "Mening bog'im" loyihasi ishga tushirildi, "Avtomobilsiz kun", "Toza havo" oyligi kabi loyihalar doimiy tarzda o‘tkazib kelinmoqda".
Tadbirda, shuningdek, turizm sohasidagi o‘zgarishlarga ham e'tibor qaratildi. Jumladan, joriy yilning birinchi yarim yilligida respublikamizga 3,5 mln nafar xorijiy sayyoh (2023-yilning mos davriga nisbatan 113,3 foiz) tashrif buyurgan, turizm xizmatlari eksporti 1,4 mlrd dollarni tashkil etgan. Shu bilan birga, 121 ta loyiha amalga oshirilib, 2515 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Tadbirda nutq so‘zlagan Boriy Alixonov “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi va 2024-yilga moʻljallangan Davlat dasturi dolzarb vazifalarni qamrab olganini qayd etdi.
"Bugun nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun dunyoda iqlim o‘zgarishi global muammoga aylanib ulgurdi. Shuningdek, atmosferaning keskin o‘zgarishi, qurg‘oqchilik, cho‘llanish, bioxilma-xillikning yo‘qolib borishi, suv tanqisligi kabi muammolar ham tobora dolzarb tus olmoqda. Bu esa o‘z navbatida mamlakatlar iqtisodiyoti, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarga jiddiy salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida esa yuqoridagi kabi muammolarga samarali yechim topishga asosiy e'tibor qaratilgan. Maqsad aholi uchun qulay ekologik sharoitni yaratishdir", — dedi Boriy Alixonov.
Ta'kidlash joizki, Davlat dasturi doirasida 2024-yilning ikkinchi yarim yilligida Ekologiya vazirligi tomonidan yana bir qancha ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, "Yashil makon" loyihasining kuz mavsumida 75 mln tup daraxt va buta ko‘chatlari ekish, hududlarda 347 gektar maydonda 134 ta "yashil bog'lar" barpo etish, "Toza havo" oyligi doirasida 200 mingta avtotransport vositasini ekologik nazoratdan o‘tkazish, 80 ta sanoat korxonasida chang-gaz tutib qolish uskunalari hamda 56 ta korxonada lokal oqova suv tozalash inshootlarini qurish va qayta ta'mirlash, chiqindi poligonlarini rekultivatsiya qilish, zamonaviy infratuzilma, qurilmalar va maxsus texnikalar bilan ta'minlash kabi vazifalar ko‘zda tutilgan.
Turizm sohasida esa 1,1 milliard dollardan ortiq turizm xizmatlari eksporti amalga oshiriladi, 92 ta mehmonxona, 150 ta oilaviy mehmon uylari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, 12,1 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Shu bilan birga, 3,5 mingta doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari tashkil etiladi.



