Prezident Surxondaryoga tashrifida aholiga qulay ekologik muhit yaratishga alohida e’tibor qaratdi
2026-02-27 11:10:00 / Yangiliklar

Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida “Toʻpalang” suv ombori suvidan foydalanish hisobiga Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash loyihasining amaliy natijalari bilan tanishdi. Mazkur tashabbus natijasida bugun minerallarga boy ichimlik suvi viloyatning oʻnta tumani va Termiz shahriga uzluksiz yetkazib berilmoqda. Hududda markazlashgan ichimlik suvi bilan qamrov sakkiz-toʻqqiz yil oldin 47 foiz edi. Bugun ushbu raqam 67,5 foizgacha oshirildi. Natijada aholining suv taʼminotidagi holati nafaqat miqdor, balki sifat jihatdan ham sezilarli yaxshilandi.
Loyiha doirasida 246 km magistral va ichki tarmoq barpo etildi. Gidravlik hisoblar asosida bosimni nasossiz uzatish imkoniyati yaratildi. Bu nafaqat energiya sarfini keskin kamaytirdi, balki tizimning barqarorligini taʼminlaydi. Aynan shu innovatsion yondashuv tufayli Termiz shahri, Angor, Bandixon, Qiziriq, Sherobod va Muzrabot kabi tuman markazlariga suv elektr energiya sarfisiz yetkazilmoqda. Bugungi kunda 223 ta mahallada suv taʼminoti mustahkamlandi. Natijada hududlardagi yuzdan ortiq yer osti suv quduqlaridan foydalanishga ehtiyoj qolmadi. Bu ekologik yukni kamaytiradi.
Shuningdek, loyiha natijasida yiliga 18,4 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejab qolinadi, natijada 18,5 milliard soʻm iqtisod qilinadi. Isteʼmolchilarning billing tizimiga ulanishi esa suvni hisoblashda shaffoflikni oshirdi, qarzdorlikni kamaytirdi. Yana bir muhim jihati, bu yerdagi 10 gektar maydonda 6418 kilovatt-soat quvvatdagi quyosh panellari oʻrnatildi.
Ta'kidlash joizki, Surxondaryoda mahsulotlar yetishtirish borasida ham qulay ekologik sharoit mavjud. Xususan, Prezident Termiz tumanidagi “Tomorqa maktabi” faoliyati bilan tanishdi. Hududda suv tejash texnologiyalari va zamonaviy irrigatsiya tizimlarini mahalliy sharoitda ishlab chiqarish orqali xarajatlarni kamaytirish, iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanish, fermer va aholining talabini tezkor ta’minlash mumkinligi ta’kidlandi.
“Tomorqa maktabi” aholini oʻz tomorqalaridan samarali foydalanish, serdaromad ekin turlarini joriy etish, mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash va qadoqlashning zamonaviy usullarini oʻrgatishga ixtisoslashgan bo‘lib, ishsiz va kam taʼminlangan oilalarning barqaror daromad manbaiga ega boʻlishiga koʻmaklashiladi. Mazkur jarayonda dehqonchilikning ilmiy asoslari, yuqori daromadli mahsulot yetishtirish texnologiyalari va zamonaviy tomorqachilik usullari amaliy ravishda oʻrgatilmoqda.
Innovatsion maktab Termiz, Muzrabot, Qiziriq, Bandixon, Angor va Jarqoʻrgʻon tumanlarini qamrab olgan boʻlib, uning tarkibida oʻquv binosi, uch gektar issiqxona hamda uch gektar oʻquv-tajriba maydoni mavjud. Issiqxonada Surxondaryo sharoitiga moslashtirilgan banan, papayya, rozmarin, lavanda, limon, anjir, brokkoli, bulgʻor qalampiri va boshqa ekinlar yetishtirilmoqda. Shuningdek, koʻchatchilik va gulchilik yoʻlga qoʻyilgan, tomchilatib sugʻorish tizimi joriy etilgan.
Ma'lumot uchun, bugungi kunda issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar uchun Surxondaryo eng qulay lokatsiyaga aylangan. Hududning tabiiy issiq iqlimi, tuproq unumdorligi va boshqa jihatlar issiqxona egalariga qishning qahraton sovug‘ida ham hech qanday ortiqcha isitish tizimlarisiz, xarajatlarsiz mahsulot yetishtirish imkonini beradi.
Surxondaryo sharoitida issiqxonadan mahsulot olish boshqa joylardan 2-3 barobar arzon tushadi. Bu yil Ispaniyaning Almeriya hududi tajribasi asosida 1 ming gektarda quyoshda isitiladigan issiqxonalar tashkil qilinadi. Bunday issiqxona quradigan tadbirkorlarga yerlar 5 yilga bepul ijaraga beriladi, ular yer osti suvi uchun to‘lovdan 3 yilga ozod qilinadi.
Maktabda Surxondaryo sharoitida bir yilda uch marta hosil olish amaliyoti oʻqitilmoqda. Oʻquv jarayoniga olimlar, mutaxassislar va tajribali dehqonlar jalb etilgan. Shu paytga qadar 1300 nafarga yaqin ishsiz va kambagʻal oila aʼzosi maxsus kurslarni tugatib, oʻz tomorqasi yoki ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali oʻzini oʻzi band qilgan.
Davlatimiz rahbari maktabda tomorqadan uch marta hosil olish amaliyoti, sanoatlashgan bogʻlar va suv tejovchi texnologiyalar taqdimoti bilan tanishdi. Meva-sabzavotlarni qayta ishlash va eksport qilish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar bilan muloqot qilib, qayta ishlash va qo‘shilgan qiymat yaratish, hudud uchun yangi bo‘lgan o‘simliklar, shu jumladan, sitrus va tropik mevalar yetishtirishni o‘zlashtirish muhimligini ta’kidladi.






