GEF VIII Assambleyasining rasmiy veb-sayti ishga tushirildi
2026-02-24 12:00:00 / Yangiliklar

Mazkur Assambleya barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga bag‘ishlangan eng yirik xalqaro forum hisoblanadi. Yangi veb-resursga quyidagi havola orqali kirishingiz mumkin: https://assembly.thegef.org/event/5f273900-b80c-45b2-b9a9-72d76f57b4d0/summary. Unda tadbir haqida rasmiy ma’lumotlar, uning maqsadlari, dasturi, asosiy mavzulari va ishtirok etish imkoniyatlari jamlangan.
GEF VIII Assambleyasi jamg‘armaning oliy boshqaruv organi bo‘lib, GEFga a’zo 186 davlat vakillari, xalqaro tashkilotlar, biznes doiralari, ilmiy hamjamiyat, fuqarolik jamiyati, ayollar va yoshlar vakillarini birlashtiradi. Forum har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladi va bioxilma-xillikni saqlash, yerlarni tiklash, ifloslanishni kamaytirish hamda iqlim tizimi barqarorligini mustahkamlash kabi dolzarb ekologik muammolar bo‘yicha global strategiya va yechimlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Assambleya saytida tadbirga oid asosiy ma’lumotlar, muhokama qilinadigan ustuvor mavzular hamda yalpi va ishchi sessiyalar dasturi taqdim etilgan. Platforma Assambleyaga tayyorgarlik jarayonida muntazam yangilanib boradi, jumladan, ishtirokchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish, taklif etilgan spikerlar, hamkorlik tashabbuslari va qo‘shimcha tadbirlar haqidagi ma’lumotlar bilan boyitiladi.
Ma’lumot uchun, 2026-yil 30-maydan 6-iyungacha Samarqand shahrida GEF VIII Assambleyasi bo‘lib o‘tadi. Bu xalqaro ekologik hamkorlikni rivojlantirish va mamlakatning global ekologik kun tartibidagi rolini mustahkamlashda muhim bosqichga aylanadi. Forum hukumatlar, xususiy sektor va fuqarolik jamiyati sa’y-harakatlarini birlashtirib, 2030-yil kun tartibi maqsadlariga erishish hamda barqaror rivojlanish loyihalariga investitsiyalarni safarbar etishga xizmat qiladi.
Axborot resursining ishga tushirilishi rasmiy ma’lumotlar va vositalardan keng foydalanish, ishtirokchilar va hamkorlarga Assambleyaga samarali tayyorgarlik ko‘rish va unda faol qatnashish imkonini beradi.
