Oq dumli suvburgut hamda oq sor Quyi Amudaryoda
2026-02-20 10:50:00 / Yangiliklar

Oq dumli suvburgut zaif, tabiatan kamyob, ko‘chib o‘tuvchi nominal kenja tur sifatida O‘zbekiston Qizil kitobi va Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi Qizil ro‘yxatiga kiritilgan. Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati hududida doimiy yashaydi va ko‘p vaqtini Amudaryo sohilida o‘tkazadi. So‘nggi yillarda soni ortgan. Yakka holda, juft va guruh bo‘lib ko‘chib o‘tadi. Bahorgi uchib o‘tishi fevral-mart oylariga to‘g‘ri keladi. Kuzda esa sentabr–oktabr oylarida uchib o‘tadi. Suvda suzuvchi qushlar, baliqlar, ba'zan o‘laksalar bilan oziqlanadi.
Oq sor doimiy uchrab turuvchi qishlovchi va ko‘chib o‘tuvchi qush hisoblanadi. Kuzda paydo bo‘lish muddati va qishlashi, asosan, o‘ljalar soni, uyalash va qishlash hududlaridagi iqlim sharoitlariga bog‘liq. Sariq sordan farqli o‘laroq, oq sor katta qum sichqonlarini samarali ovlay olmaydi, chunki ularda yaxshi rivojlangan ovozli ogohlantirish tizimi mavjud bo‘lib, past uchib yurgan yirtqichni oson payqashadi. Oq sor ko‘p miqdorda kemiruvchilarni yo‘q qilib, foyda keltiradigan qush hisoblanadi.
Ma'lumot uchun, Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati 2011-yil
Qoraqalpogʻiston Respublikasining Beruniy va Amudaryo tumanlari hududida tashkil qilingan. Ilmiy xodimlar tomonidan biosfera rezervati hududida 246 tur qush uchrashi qayd etilgan.

