Zarafshon bog‘ida yirtqich qush suratga olindi
2026-02-19 12:05:00 / Yangiliklar

Sariq sor qarchig‘aysimonlar oilasiga mansub, O‘rta Osiyoda eng ko‘p tarqalgan yirtqich qush turlaridan biridir. Tanasi jigarrang, qo‘ng‘ir va sarg‘ish bo‘ladi, qanotlari ochiq rangdaligi bilan ajralib turadi. O‘troq holda yashaydi, dasht, yarimcho‘l va cho‘l zonasida uyalaydi. Mart oxirida yoki aprelda tuxum qo‘yadi va 2–5 tagacha bola ochadi. Tog‘li hududlarda, tekisliklarda va haydaladigan yerlarda ham yashaydi.
Sariq sor yumronqoziq, qumsichqon, dala sichqoni va boshqa kemiruvchilar, tipratikan, mayda qushlar, toshbaqalar, kaltakesaklar, ilonlar bilan oziqlanadi. Bu qush ekologik muvozanatni saqlashda muhim bo‘g‘in hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Zarafshon milliy tabiat bog‘i 2018-yilda tashkil etilgan. U Samarqand viloyatining Jomboy va Bulungʻur tumanlari hududida, Zarafshon daryosining oʻng qirgʻogʻida joylashgan. Hududda 21 turdagi baliqlar (3 turi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan), 13 turdagi sudralib yuruvchilar (5 turi Qizil kitobda), 243 turdagi qushlar (32 tur Qizil kitobda), 25 turdagi sutemizuvchilar (4 turi Qizil kitobda) uchraydi.

