“O‘zbekiston–2030” strategiyasi umumjahon tendensiyalar va global o‘zgarishlar bilan uyg‘unlashtiriladi
2026-02-17 15:15:00 / Yangiliklar

Asosiy maqsad “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida erishilgan yutuqlar va mavjud muammolarni hisobga olgan holda samaradorlik koʻrsatkichlarini belgilash hamda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlariga erishilishini monitoring qilish jarayonlarini toʻliq raqamlashtirishdir.
Ta’kidlash joizki, “Oʻzbekiston–2030” strategiyasida atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan qator vazifalar belgilab berilgan. Xususan, shaharlar, tuman markazlari va shaharchalarda yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, 14 ta ekologik toza hudud rejimini joriy qilish, shaharlar, tuman markazlari va shaharchalarda aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yashillikni 4,4 m²/kishiga yetkazish, atrof-muhitga ta’sir xavfi yuqori darajadagi (I toifa) obyektlarning ifloslantiruvchi manbalaridan avtomatik ravishda namunalar olish tizimi bilan 50 foiz qamrovini ta’minlash, mavjud va ekiladigan daraxt va butalarning koʻkaruvchanlik darajasini 70 foizga yetkazish (mavjud daraxtlarni xatlovdan oʻtkazish), respublika hududlarida yashil bogʻlar va yashil parklar sonini 1023 taga yetkazish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, atmosfera havosiga ta’siri boʻyicha I va II toifadagi korxonalar tomonidan oʻz, tutash va boshqa hududlarida “yashil belbogʻ”lar barpo etish darajasini 70 foizga yetkazish, Toshkent shahrida 4450 gektar yangi yashil maydonlarni barpo etish, respublikada oʻrmon bilan qoplangan maydonlarni 6,1 million gektarga yetkazish, yerlarni eroziyadan va melioratsiya obyektlarini qum koʻchishidan saqlash uchun ihota daraxtzorlarini 30055 gektarga yetkazish, daraxt va butalarni koʻpaytirish uchun tayyorlanadigan urugʻlar miqdorini 7726 tonnaga yetkazish, Orol dengizining qurigan tubida va Orolboʻyi (Xorazm, Buxoro, Navoiy) hamda boshqa choʻl hududlar (Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo)da qoʻshimcha 1,3 mln gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etish rejalashtirilgan.
Qolaversa, xavfli gidrometeorologik hodisalar toʻgʻrisida barvaqt ogohlantirishlar darajasini 96 foizga, togʻ daryolari oqimi prognozlarining ishonchlilik darajasini esa 98 foizga yetkazish, qishloq xoʻjaligi ekinlarining rivojlanishi va hosildorligi haqidagi agrometeorologik prognozlarning ishonchlilik darajasini 96 foizga yetkazish, foydali qazilmalarni qazib olish natijasida buzilgan 6075 gektar yer maydonlarini rekultivatsiya qilish, resurs tejovchi, zamonaviy agrotexnologiyalar asosida sanoatlashgan intensiv bogʻ-tokzorlar maydonini 110 ming gektarga yetkazish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini respublika hududiga nisbatan 15 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Bundan tashqari, davlat dasturida aholini qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari bilan mahalla kesimida qamrab olish darajasini 90 foizga yetkazish, maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini 7 foizga oshirish, maishiy chiqindi poligonlarini kamida 50 foizga qisqartirish, atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini har yili 1,5 foizga kamaytirib borish va boshqa vazifalar ham belgilab berilgan.
Prezident Farmoniga koʻra, raqamli platformada “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlarining samaradorlik koʻrsatkichlariga erishilishi holati “yashil”, “sariq” hamda “qizil” toifalarga ajratiladi. Bunda “yashil” toifaga kiritilgan samaradorlik koʻrsatkichlariga mas’ul idoralar ragʻbatlantiriladi, “sariq” toifaga kiritilgan samaradorlik koʻrsatkichlariga erishishda mavjud kechikishlar sabablari tahlil qilinadi hamda ularni bartaraf etish maqsadida koʻrsatmalar beriladi, “qizil” toifaga kiritilgan samaradorlik koʻrsatkichlariga mas’ul idoralar faoliyati tanqidiy koʻrib chiqiladi.
