Qoraqalpog‘istondagi “Borsakelmas” qoʻriqxonasi fotoqopqoniga qoraquloq muhrlandi
2026-02-04 14:30:00 / Yangiliklar

Qoraquloq butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan, mozaik tarqalgan kenja tur sifatida O‘zbekiston Qizil kitobi va CITESning I Ilovasiga kiritilgan. Ustyurt yassi tekisligi, Amudaryoning quyi oqimida tarqalgan. Cho‘llarning barxanli va qumli qismlari, gipslashgan tekisliklar, chinklar, ba'zan cho‘llashgan tog‘ etaklari va to‘qayzorlarda yashaydi. Yozda tunlari faol, yilning boshqa fasllarida kunduzi ham ovga chiqadi. Quyonlar, kemiruvchilar, ba'zan tuyoqlilar, qushlar, tipratikan, tulki, sudralib yuruvchilar, ilon va bo‘g‘imoyoqlilar, ba'zan o‘limtiklar bilan oziqlanadi. 19 yoshgacha yashaydi.
Ma'lumot uchun, "Borsakelmas" davlat buyurtma qoʻriqxonasi 2022-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘iroq tumanida tashkil etilgan, hududi 280 ming gektarga teng. 2025-yilda kuzgi sanoq paytida qushlarning 42 turi (shundan 3 tur “Qizil kitob”ga kiritilgan) va sut emizuvchilarning 17 turi (shundan 5 tur “Qizil kitob”ga kiritilgan) hisoblangan.



