Muhofaza hududlarida yovvoyi hayvonot olami uchun ozuqa mahsulotlari qo‘yib chiqilmoqda
2026-01-29 11:30:00 / Yangiliklar

Qor yog‘ib, kunlar sovishi yovvoyi hayvonlar va qushlar uchun tabiiy ozuqa zaxiralarini kamaytirib, yashash sharoitlarini qiyinlashtiradi. Shuni inobatga olgan holda, yurtimizdagi barcha muhofaza hududlari, jumladan, "Ugom-Chotqol" milliy tabiat bog‘i (Toshkent viloyati), "Surxon" davlat qo‘riqxonasi (Surxondaryo viloyati), "Orolqum" va "Janubiy Ustyurt" milliy tabiat bog‘lari (Qoraqalpog‘iston Respublikasi), "Markaziy Qizilqum" milliy tabiat bog‘i (Navoiy viloyati), Zarafshon milliy tabiat bog‘i (Samarqand viloyati)da biotexnik tadbirlar kuchaytirildi.
Xususan, "Ugom-Chotqol"da yovvoyi hayvonlar va qushlarni oziqlantirish uchun 160 kg arpa,120 kg kеpak, 100 kg tuz, 400 kg tabiiy pichan, "Orolqum"da qo'shimcha don mahsulotlari, pichan va boshqa zarur yem-xashaklar qo'yib chiqildi.
Ma'lumot uchun, avvalroq "Yuqori To‘palang" (Surxondaryo viloyati) milliy tabiat bog‘ida ham biotexnik tadbirlar olib borilgandi.
Biotexnik tadbirlar yovvoyi fauna vakillarini muhofaza qilish, bioxilma-xillikni saqlash hamda milliy tabiat bog‘i ekotizimi barqarorligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, muntazam davom ettiriladi.




