Biologik xilma-xillikni muhofaza qilish muhim ekanligi ta’kidlandi
2024-05-23 10:55:00 / Yangiliklar

Tadbir Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda “Green University” hamkorligida tashkil etildi. Unda talabalar, maktab o‘quvchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari, yosh ekofaollar ham ishtirok etdi.
“Sayyoramizning bir qismiga aylanamiz” shiori ostida o’tkazilgan tadbir davomida O‘zbekistonda Kunming-Monreal global bioxilma-xillik dasturini amalga oshirish borasida taqdimot, film namoyish etildi. Ishtirokchilar biologik xilma-xillikning mamlakatimizdagi o‘rni va ahamiyatini muhokama qildilar.
Shuningdek, tadbirda yosh rassomlar o‘rtasida “Biologik xilma-xillikni asrab-avaylaymiz – sayyoramizning bir qismiga aylanamiz” tanlovi o‘tkazilib, yosh ijodkorlar tomonidan bioxilma-xillik aks etgan suratlar chizildi. Shu bilan birga, o’quvchilar, yosh ekofaollar “Green University” faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.
Yakunda yosh rassomlar o’rtasidagi tanlov g’oliblari aniqlandi. Natijalarga ko’ra, Davronbek Farmonov 1-oʻrinni, Abdulloh Xoʻjamatov 2-oʻrinni, Aslzoda Jo’raboyeva esa 3-oʻrinni egalladi. G’oliblar va ishtirokchilar munosib taqdirlandi.
Ma’lumot uchun, Xalqaro biologik xilma-xillik kuni 2001-yildan beri har yili nishonlanadi. Bu kun BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1995-yilda Yer yuzidagi ko'plab flora va fauna vakillarining tiklab bo’lmaydigan darajada yo'qolib ketishi muammosiga jamoatchilik e'tiborini jalb qilish maqsadida e’lon qilingan.







