Rossiya kompaniyasi bilan strategik hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi
2024-05-18 16:20:00 / Yangiliklar
Uchrashuvda HPBS bilan hamkorlikda atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyati natijasida hosil bo‘ladigan issiqxona gazlari miqdori hamda uglerod izini (carbon footprint) hisoblash bo‘yicha metodika ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, xalqaro va milliy tadqiqotlarni chuqur tahlil qilish hamda xorijiy davlatlar tajribalarini har tomonlama o‘rganish asosida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish bo‘yicha kadrlar salohiyatini oshirish yuzasidan o‘quv–seminar, treninglar tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.
Markaz rahbari G‘ayratjon Muhamedov iqlim sohasidagi global kun tartibi yangi O'zbekiston davlat siyosatining asosiy ustuvor yo'nalishlaridan biri ekanligini ta'kidladi.
"Parij kelishuvi doirasida 2010-yilga nisbatan 2030-yilga kelib yalpi ichki mahsulot birligiga issiqxona gazlari emissiyasini 35 foizga kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyat oldik. O‘zbekiston 2030-yilgacha iqtisodiyotning energiya samaradorligini ikki baravar oshirish bo‘yicha ulkan maqsadlarni qo‘ygan. 2030-yilga borib qayta tiklanadigan energiya ulushini 30 foizga yetkazish, ekologik toza transportni rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda", dedi G‘ayratjon Muhamedov.
Qolaversa, prezidentning joriy yil 31-maydagi 81-sonli farmoniga muvofiq, 2024-yil 1-yanvardan boshlab atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I – IV toifalarga kiruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyatini belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish jarayonida Vazirlik tomonidan uglerod neytralligini ta’minlash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilanganligi qayd etildi. Bunda faoliyat turidan kelib chiqib, atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallarida ishlab chiqarish natijasida hosil bo‘ladigan issiqxona gazlari miqdori hamda uglerod izini (carbon footprint) kamaytirishning aniq ko‘rsatkichlari loyiha pasporti bilan belgilanadi, belgilangan ko‘rsatkichlar asosida uglerod izini kamaytirish bo‘yicha davlat ekologik ekspertizasi xulosasida xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan amalga oshirilishi majburiy bo‘lgan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
Uchrashuv yakunida Davlat ekologik ekspertizasi markazi va "HPBSolution" mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Ma'lumot uchun, ushbu memorandum Markaz xodimlarining malakasini oshirish, atrof-muhitga ta’sir etuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyati natijasida yuzaga keladigan issiqxona gazlari chiqindilari va uglerod izlarini hisoblash metodikasini ishlab chiqish, xalqaro va milliy tadqiqotlarni chuqur tahlil qilish hamda xorijiy davlatlar tajribalarini har tomonlama o‘rganish asosida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish bo‘yicha kadrlar salohiyatini oshirish yuzasidan o‘quv-seminar, treninglar tashkil etish kabi masalalarni o‘z ichiga olgan.