O‘rmon sanitarlari: "Yuqori To'palang"dagi bo‘rilar to‘dasi
2025-12-17 11:30:00 / Yangiliklar

Ma’lumot uchun: "Yuqori To'palang" milliy tabiat bog‘i 2022-yil 4-mart kuni Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida tashkil etilgan.
Bo‘ri (Canis lupus) itlar oilasiga mansub bo‘lib, tabiatdagi muvozanatni saqlashda muhim rol o‘ynagani sababli “o‘rmon sanitari” deb e’tirof etiladi. U tuyoqli hayvonlar va boshqa jonivorlar sonini tartibga soladi. Bo‘rilar rivojlangan muloqot tizimiga ega: ular g‘o‘ldirash va uvillashdan tortib tish ko‘rsatishgacha bo‘lgan keng tovushlar diapazonidan, shuningdek, dum, quloq va bosh holatini ifodalovchi tana tilidan foydalanadi. Bu esa to‘da ichida qat’iy ierarxiyani saqlashga xizmat qiladi.
Odatda bo‘rilar 7–20 boshdan iborat to‘dalarda yashaydi, to‘daning boshida esa hukmron juftlik turadi. To‘da jips harakat qiladi: yetakchi qarorlar qabul qiladi, qolgan a’zolar belgilangan tartibga bo‘ysunadi. Bu hayvonlar juda chidamli bo‘lib, qisqa vaqt ichida katta masofalarni bosib o‘ta oladi va murakkab tog‘li hududlarda yaxshi mo‘ljal oladi.
Hozirda bog‘ hududida 34 bosh bo‘ri yashamoqda. Ularning barchasi davlat muhofazasida. Fotoqopqonlar yordamida olib borilayotgan monitoring populyatsiya holati haqida obyektiv ma’lumotlar olishga imkon beradi va mintaqa bioxilma-xilligini saqlashga xizmat qiladi.


