“Ipak yo’li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti professori Xitoyning eng ko‘p iqtibos keltiriladigan olimlari ro’yxatiga kiritildi
2025-12-15 12:00:00 / Yangiliklar

Professor Tongqian Zou 2022-yil oktabr oyidan buyon “Ipak yo‘li” universitetida faoliyat yuritib kelmoqda. U ko‘p yillik akademik va boshqaruv tajribasiga ega, e’tirof etilgan mutaxassis hisoblanadi. Turli yillarda Pekin Xalqaro tadqiqotlar universiteti prezidenti maslahatchisi, Xitoy Xalq Respublikasi Milliy ijtimoiy fanlar jamg‘armasining bosh eksperti, Xitoy madaniyat va turizm akademiyasi dekani, shuningdek Pekin Xalqaro tadqiqotlar universitetining Turizm menejmenti fakulteti dekani lavozimlarida ishlagan.
Ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor lavozimida professor Tongqian Zou universitetning ilmiy faoliyatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini muvofiqlashtirib kelmoqda. Jumladan, ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish, ilmiy va ta’limiy konferensiyalarni tashkil etish, nashriyot faoliyatini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, kadrlar salohiyatini takomillashtirish, shuningdek, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish uning faoliyatining muhim yo‘nalishlaridir.
Uning rahbarligi ostida UNESCOning “Ipak yo‘lida barqaror tarixiy turizm” kafedrasi hamda “Arxeologiya va madaniy merosni saqlash” yo‘nalishidagi ilmiy laboratoriya tashkil etildi. Hozirgi kunda u barqaror turizm va yashil iqtisodiyot sohalarida yangi ilmiy laboratoriyalarni tashkil etish ustida ham faol ish olib bormoqda.
Professorning faoliyati universitetning ilmiy salohiyatini mustahkamlash va uning xalqaro akademik maydondagi rolini oshirishga qaratilgan.
Professor Tongqian Zouning Xitoyning eng ko‘p iqtibos keltiriladigan olimlari qatoriga kiritilishi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida shakllangan yuqori darajadagi ilmiy maktabni tasdiqlaydi hamda O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi ilmiy-ta’limiy hamkorlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi.

