“IT-ekofest–2024”: ekologiyani yaxshilashga qaratilgan loyihalar taqdim etildi
2024-05-06 11:55:00 / Yangiliklar

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 2-maydagi “IT-ekofest-2024” xalqaro festivalini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisida”gi 8-son majlisi bayoni ijrosini taʼminlash, ekologiya va barqaror rivojlanish sohasidagi innovatsiyalar va texnologiyalar haqida tushunchalarni yoshlar orasida keng targʻib etish hamda ekologik muammolarni hal qilishga qaratilgan gʻoyalar va loyihalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.
4-may kuni Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanidagi “Astrum” IT akademiyasida tadbirning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shu kuni “Zamonaviy texnologiyalar ekologiyaga qanday yordam berishi mumkin?” mavzusidagi maʼruza va treninglar, ekologiyani yaxshilashga qaratilgan IT-loyihalar hakatoni ham o‘tkazildi. Unda jami 25 ta jamoa oʻz loyihalarini namoyish etdi. Taqdimot davomida turar joylarni koʻkalamzorlashtirishga qaratilgan “Yashil olam” va “Yashil toʻlov” tizimlari, atrof-muhitga yetkazilayotgan zararni baholovchi “Eko-service” tizimlari hakamlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Festival 5-may kuni Toshkent shahrida joylashgan Mirzo Ulugʻbek nomidagi Toshkent markaziy bogʻida davom etdi. Tadbirning 2-qismida hunarmandlarning ijodiy koʻrgazmalari, rassomlarning ijodiy ishlari, chiqindi buyumlaridan yasalgan turli san'at asarlari, sport bellashuvlari, mahalliy ekobrendlar bozori, bolalar va kattalar uchun ekologik mahorat darslari tashkil etildi.
Xalqaro festival yakunida loyihalari eng yaxshi deb topilgan ishtirokchilar alohida e'tirof etildi. G‘oliblar ro‘yxati quyidagicha:
3-o‘rin — Dinora Asamadova “Tegermon” loyihasi uchun;
2-o‘rin — Ozodbek Hoshimov “Anonymous” loyihasi uchun;
1-oʻrin — Sherzodbek Umaraliyev “Camu_tech” loyihasi uchun.
Tadbir yakunida g‘oliblar munosib taqdirlandi. Shuningdek, konsert dasturi tashkil etildi.









