Gidrometeorologiya instituti "Science & Innovation Awards 2025" reytingida eng yaxshi o‘ntalikka kirdi
2025-12-12 17:15:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda institutda 77 nafar mutaxassis faoliyat yuritmoqda, ularning 45 nafari ilmiy xodimlar bo‘lib, shularning 21 nafari PhD, 4 nafari esa DSc darajasiga ega. 2025-yilda institut olimlari tomonidan 80 dan ortiq ilmiy maqolalar, 6 ta monografiya, 50 dan ziyod konferensiya tezislari chop etildi hamda 6 ta mualliflik guvohnomasi olindi. Shu bilan birga, umumiy qiymati 20,4 mlrd so‘mlik 11 ta ilmiy loyiha amalga oshirilayotgani, ularga mamlakatning yetakchi oliygohlari va ilmiy markazlaridan 30 dan ortiq olimlar va yosh tadqiqotchilar jalb etilgani qayd etildi.
Institut xalqaro hamkorlikni faol rivojlantirmoqda: hozirda umumiy qiymati qariyb 544 ming AQSh dollariga teng 6 ta xalqaro loyiha amalga oshirilmoqda, shuningdek, 4 ta xorijiy tashabbuslarda ekspertlik ishlari olib borilmoqda. Hamkorlar qatorida BMT Taraqqiyot dasturi, GEF, YUNESKO, GIZ, Jahon banki, VMO, MAGATE hamda AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveytsariya, Finlyandiya, Yaponiya va Markaziy Osiyo mamlakatlarining ilmiy markazlari bor. 2025-yilda institut YUNESKO va VMO tomonidan e’lon qilingan Xalqaro muzliklarni muhofaza qilish yil doirasida tog‘ muzliklarini monitoring qilish bo‘yicha xalqaro konferensiyani ham tashkil etdi.
Institutning ilmiy salohiyatining o‘sishi, xalqaro aloqalarning mustahkamlanishi hamda fundamental va amaliy tadqiqotlar ko‘lamining kengayishi uning gidrometeorologiya va ekologiya sohasidagi yetakchi markaz maqomini yana bir bor tasdiqlaydi. Erishilgan natijalar mamlakatning ekologik barqarorligini mustahkamlash, suv-energetika xavfsizligini oshirish va global iqlim o‘zgarishi sharoitida ilmiy yechimlarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Hozirda Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti ("Green University") huzurida faoliyat ko‘rsatmoqda.
