Davlat ekologik ekspertizasi markazida “Ochiq eshiklar kuni”: shaffoflikni mustahkamlash va korrupsiyaga qarshi kurash
2025-12-11 21:00:00 / Yangiliklar

Unda Davlat ekologik ekspertizasi markazi va uning hududiy filiallari xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining mas’ul xodimi, tadbirkorlar va loyihachilar ishtirok etdi.
Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan ekologik ekspertiza sohasida shaffoflik, qonuniylik va adolat tamoyillarini yanada mustahkamlash, korrupsiyaning davlat va jamiyat rivoji, yurt taraqqiyoti hamda xalq farovonligiga jiddiy xavf tug‘diruvchi illat ekanini ishtirokchilarga tushuntirishdan iborat.
Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. Bu borada mas’ul idoralar belgilangan vazifalarni bajarishi bilan birga, har bir fuqaro ham o‘zida mas’uliyatni chuqur his etishi zarur ekani qayd etildi. Shuningdek, mamlakatimizda ushbu illatga qarshi qat‘iy kurash olib borilayotgani alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, jumladan aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan qat’iy munosabatni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Davlat ekologik ekspertizasi markazida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga yo‘l qo‘ymaslik, xodimlar o‘rtasida halollik va mas’uliyat tamoyillarini mustahkamlash eng muhim vazifa ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, korrupsion holatlarni erta aniqlash, ularga sabab bo‘luvchi omillarni kamaytirish va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida Markazda Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplaens nazorati xizmati faoliyat yuritayotgani qayd etildi.



