Konveksiya nima?
2025-12-05 09:00:00 / Yangiliklar

Issiqlik va moddaning ko‘chish jarayoni
Konveksiya suyuqlik yoki gaz ichida oqimlarning aralashuvi natijasida issiqlik va moddaning ko‘chish jarayonidir. Bunda issiq qatlamlar (kam zichlikka ega) yuqoriga ko‘tariladi, tabiiy aylanish issiqlikni ko‘chiradi va sovuq qatlamlar (yuqori zichlikka ega) pastga tushadi.
Qayerda kuzatish mumkin?
Konveksiyani qozondagi suvda (bunda suv pastdan qiziganda issiq qismi yuqoriga ko‘tariladi, sovuq qismi pastga tushadi, natijada butun suv qiziydi), atmosferada, xonani isitishda (radiatorlar havoni isitadi, issiq havo yuqoriga ko‘tariladi, sovuq havo esa pastga tushadi), okean va dengizlarda kuzatish mumkin.
Atmosfera konveksiyasi — bu issiq havo yuqoriga ko‘tarilib, uning o‘rnini pastdan sovuq havo egallashi jarayonidir. Konveksiya kuchli bo‘lsa, havo vertikal aralashib, ifloslantiruvchi moddalar tarqaladi va havo tozalanadi.
Kuchli va zaif konveksiya
Kuchli konveksiya — yer yuzasi qiziydi, kuchli konvektiv oqimlar hosil bo‘ladi, ifloslantiruvchi modda yoki zarralar yuqoriga ko‘tarilib, tarqaladi va yer yuzasida konsentratsiya kamayadi. Natijada havo tozalanadi.
Zaif konveksiya — yer yuzasi soviydi, issiq havo yuqoriga ko‘tarilmaydi, konveksiya zaiflashadi va ifloslanish yerga yaqin qatlamda to‘planib qoladi. Oqibatda havo ifloslanishi yuzaga keladi.

