Samarqandda CITES CoP20 haftalik hisoboti taqdim etildi
2025-12-04 15:00:00 / Matbuot anjumanlari

Tadbirda Ekologiya vaziri o'rinbosari Jussipbek Kazbekov, CITES Bosh kotibi Ivonn Iguero, Ekoturizm va ovchilikni rivojlantirish departamenti rahbari Otabek Bobomurodov, CoP20 I Qo’mitasi raisi Mettias Lortsher hamda CoP20 II Qo’mitasi raisi Anna Vong ishtirok etdilar.
Jussipbek Kazbekov CITES CoP20 ning O'zbekistonda o'tkazilishi Markaziy Osiyo uchun "tarixiy bosqich" ekanligini va mintaqaning ekologik yetakchiligi oshayotganinj tan olish ekanligini ta'kidladi.
Vazir o'rinbosari Samarqandning yovvoyi tabiatni himoya qilish, transchegaraviy hamkorlikni kuchaytirish va tabiiy resurslarni saqlash bo'yicha innovatsion yondashuvlarni ilgari surish uchun muhim qarorlar qabul qilish maydoniga aylangani haqida aytib o'tdi.
"Guvohi bo’lyapmizki, CoP20 qarorlari nafaqat Konvensiya chegaralaridan tashqariga chiqmoqda, balki uzoq muddatli mintaqaviy jarayonlarni boshlamoqda, yangi ekologik arxitekturani shakllantirmoqda", — deb ta'kidladi u.
J. Kazbekov, shuningdek, 184 mamlakatdan 3000 dan ortiq delegatlar, shu jumladan, Yevropa Ittifoqi davlatlari ishtiroki O'zbekistonda ekologik islohotlarga va mintaqaviy birdamlikni mustahkamlashga bo'lgan yuqori xalqaro qiziqishni ko'rsatayotganini qayd etdi.
CoP20 davomida muhim yutuqlar taqdim etildi. Markaziy voqea sifatida 2026–2032-yillarga mo'ljallangan Samarqand Deklaratsiyasi imzolandi – bu yovvoyi tabiatni himoya qilish sohasidagi eng yirik mintaqaviy kelishuv bo'lib, uni O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston imzoladi. Hujjat yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosi bilan kurash, axborot almashish uchun idoralararo tarmoqlar yaratish, raqamli monitoringni rivojlantirish, ekotizimlarni tiklash va tabiiy koridorlar yaratishni nazarda tutadi.
O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'izistonning BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) bilan birgalikda o‘tkazgan uchrashuvida qor qoploni, qulan, sayg‘oqlarni himoya qilish, tog‘li landshaftlarni saqlash va noqonuniy ovchilikka qarshi kurashishni kuchaytirishga doir kelishilgan choralar tasdiqlandi. Alohida e'tibor O'zbekiston va Qozog'istonning sayg'oqni saqlash bo'yicha hamkorligiga, migratsiya yo'llarini monitoring qilish, birgalikda patrullash va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga qaratildi.
O'zbekiston uchun bir qancha yirik xalqaro loyihalar e'lon qilindi. Ulardan biri – 6,1 million dollar miqdoridagi "EcoLand" loyihasi (GEF-8), bu ekotizimlarni tiklash, yerlar degradasiyasining oldini olish va mahalliy jamoalarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan. CAWLN mintaqaviy dasturi doirasida O'zbekiston 18,4 million dollar qiymatiga ega to'rtta yirik loyiha amalga oshiradi, ular suv va yer resurslarini boshqarish, qurg'oqchilikka qarshi barqarorlikni kuchaytirish va suv xavfsizligini yaxshilashga qaratilgan.
Matbuot anjumanida, shuningdek, bir nechta muhim tashabbuslar taqdim etildi: O'zbekistonning BMT atrof-muhit dasturi (UNEP) va Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlikda yaratilgan ekologik o'zgarishlar milliy atlasi; GIZ bilan ishlab chiqilgan 2026–2030-yillarga mo'ljallangan birinchi Milliy Ramsar Strategiyasi; O'zbekiston tomonidan amfibiya va sudralib yuruvchilarni himoya qilishga qo'shilgan hissa bo’lgan "Key Herpetological Areas" (Muhim gerpetologik hududlar) global tashabbusi.
CoP20 davomida O'zbekiston tomonidan bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o'tkazildi, jumladan, Rossiya Federatsiyasi bilan suv resurslarini himoya qilish, ekonazorat sohasida hamkorlikni kengaytirish va ilmiy hamda monitoring texnologiyalarini rivojlantirish masalalari bo'yicha muzokaralar olib borildi.









