Samarqandda CITES CoP20 konferensiyasining birinchi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi
2025-12-04 14:45:00 / Matbuot anjumanlari

Matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya vaziri maslahatchisi Alisher Salomov, CITES Bosh kotibi Ivonn Iguero, Ekologiya vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Lola Rahmonboyeva ishtirok etdi. Ular CoP20 ishining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berib, Konferensiyaning O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani oxirgi yillarda mamlakat atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi tashabbuslarni faol ilgari surib kelayotganining isboti ekanligini alohida ta’kidladilar.
Alisher Salomov yovvoyi tabiat resurslaridan barqaror foydalanish O‘zbekiston ekologik siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta'kidladi.
“2025-yilning O‘zbekistonda "Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yili" deb e’lon qilinishi ekologik barqarorlikka hamda yashil, resurslarni tejovchi rivojlanish modeliga o‘tishga bo‘lgan strategik sadoqatimizni aks ettiradi. O‘zbekiston ekologik chaqiriqlarni hal etishda mintaqa va dunyoning yetakchi davlatlaridan biriga aylanib bormoqda”, — dedi u.
CITES Bosh kotibi Ivonn Iguero Konferensiyaning birinchi yalpi majlisini ochar ekan, ishtirokchilarni Konvensiyaning kuchga kirganiga 50 yil to‘lishini bayram qilishga chaqirdi. U yubiley sessiyaning aynan Samarqandda o‘tkazilayotganining chuqur ramziyligini qayd etdi:
“Samarqand — asrlar davomida madaniyatlar, g‘oyalar va savdo yo‘llarining chorrahasi bo‘lib kelgan shahar — CITESning asosiy qadriyatlari bo‘lmish bog‘liqlik, muloqot va hamkorlik timsolidir. Biz, shuningdek, yovvoyi hayvonlar va o‘simliklar bilan xalqaro savdo ularning yashab qolishiga tahdid solmasligini ta’minlash yo‘lida tomonlarning besh o‘n yillik tinimsiz mehnatini nishonlaymiz. Bu tamoyil bugun ham, 1975-yildagidek, hatto undan ham dolzarb.”
Tadbir davomida Bosh kotib Konvensiyaning 50 yilligiga bag‘ishlangan global fototanlov g‘oliblari va finalistlarini ham e’lon qildi. Ishlar yovvoyi hayvonlar, o‘simliklar, hamkorlik va yoshlar nigohi kabi CITES ruhini aks ettiruvchi to‘rtta mavzuda taqdim etildi.
Birinchi matbuot anjumani biologik xilma-xillikni muhofaza qilish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va yovvoyi tabiatni barqaror boshqarish bo‘yicha global yondashuvlarni shakllantirish masalalarini mazmunli muhokama qilish uchun asos yaratdi. O‘zbekiston uchun CITES CoP20ni o‘tkazish mamlakatning xalqaro ekologik jarayonlarning faol ishtirokchisi va muhim transchegaraviy tabiatni muhofaza qilish loyihalarining tashabbuskori sifatidagi rolini mustahkamlovchi muhim qadam bo‘ldi.
Samarqanddagi CITES CoP20 konferensiyasi 184 davlat va Yevropa Ittifoqidan 3000 dan ortiq delegatlarni — hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati vakillarini birlashtirmoqda.
CITES Konvensiyasi 1973-yil 3-martda imzolangan va 1975-yil 1-iyulda kuchga kirgan. Bugungi kunda u 185 tomon (184 davlat va Yevropa Ittifoqi)ni birlashtiradi va yovvoyi tabiatni saqlash bo‘yicha eng samarali xalqaro mexanizmlardan biri bo‘lib qolmoqda.
CITES yovvoyi hayvonlar va o‘simliklarning 40 900 dan ortiq turiga oid xalqaro savdoni tartibga soladi hamda bunday savdo barqaror, qonuniy va kuzatuvchan bo‘lishini ta’minlashga intiladi. Konvensiya, shuningdek, mahalliy hamjamiyatlar farovonligini oshirishga va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni qo‘llab-quvvatlaydi.









