O‘zbekiston CITES CoP20 doirasida xalqaro ekologik hamkorlikni mustahkamlamoqda
2025-12-03 12:30:00 / Yangiliklar

Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) bosh direktori Gretel Agilar bilan uchrashuvda Ittifoqning O‘zbekistonning yangilanayotgan Qizil kitobi bo‘yicha maslahat va ekspert tavsiyalari berishga tayyorligi taʼkidlandi. Shuningdek, Green University’ning IUCN Ekologik huquq akademiyasiga qabul qilingani qayd etilib, bu ilmiy hamkorlikni kengaytirish, maʼruzalar va treninglar o‘tkazish imkoniyatlarini ochishi aytildi.
Tomonlar 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan Global ekologik fond (GEF)ning 8-Assambleyasida taqdim etish uchun yangi loyiha kontseptsiyalarini tayyorlashga kelishib oldi. Bundan tashqari, “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasida IUCN GEF mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan muvaffaqiyatli grant loyihalarini alohida pavilyonda namoyish etadi.
Bazels, Rotterdam va Stokgolm konvensiyalari Ijrochi kotibi Rolf Payet “Eco Expo Central Asia 2026”da ishtirok etish taklifini qabul qildi va faol qatnashishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, 2026 yilning fevral oyida Konvensiya delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurib, xavfli chiqindilarni boshqarish bo‘yicha mavjud infratuzilmani o‘rganishi va hamkorlik dasturini tayyorlashi kelishib olindi. Stokgolm konvensiyasining Milliy amalga oshirish rejasini yangilashning muhimligi alohida taʼkidlandi. Tomonlar GEF 8-Assambleyasiga taqdim etish uchun yangi tashabbuslarni ham ishlab chiqishga kelishdi.
BMT Atrof-muhit dasturi (UNEP) ekotizimlar departamenti direktori Syuzan Gardner bilan muloqotda Markaziy Osiyo mamlakatlarining zamonaviy GIS texnologiyalari asosida ekologik monitoring salohiyatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan UNEP loyihasi uchun minnatdorlik bildirildi.
Qirg‘iziston va Tojikiston uchun Ekologik o‘zgarishlar atlasini yaratish bo‘yicha ishlar alohida eʼtirof etildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston mintaqaviy ekologik atlasni ishlab chiqishni taklif qildi, u Markaziy Osiyodagi ekotizimlarning barqarorlik parametrlari bo‘yicha asosiy ko‘rsatkichlarni qamrab oladi. Tomonlar, shuningdek, atmosfera havosi sifati bo‘yicha tadqiqotlarni chuqurlashtirish va birgalikda tahliliy hisobotlar hamda tavsiyalar tayyorlashni davom ettirishga kelishdi.
Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi Konvensiya Ijrochi kotibi Astrid Shomaker bilan muzokaralar chog‘ida muhim kelishuvga erishildi. Dunyo bo‘yicha rejalashtirilayotgan 18 ta mintaqaviy texnik va ilmiy ko‘mak markazlaridan biri 2026 yildan boshlab Toshkentdagi “Green University” bazasida joylashtiriladi. Markaz milliy va mintaqaviy treninglar, tajriba almashish dasturlari hamda Konvensiya standartlariga muvofiq texnik yechimlarni joriy etish bilan shug‘ullanadi.









