CITES CoP20 yubiley sessiyasi munosabati bilan mingta daraxt ekildi
2025-11-29 16:15:00 / Yangiliklar

Aksiya Konvensiyaning kuchga kirganiga 50 yil to‘lishi munosabati bilan tashkil etilib, uning yovvoyi tabiatni saqlash bo‘yicha global sa’y-harakatlardagi muhim o‘rnini yana bir bor ta’kidladi. Mazkur tadbir CoP20 dasturining muhim qismi bo‘lib, O‘zbekiston va ishtirokchi davlatlarning tabiatni muhofaza qilish tashabbuslari hamda iqlim o‘zgarishi sharoitida moslashuv choralarini rivojlantirish borasidagi intilishini aks ettirdi.
Aksiya davomida 1,5 gektarlik maydonda mahalliy iqlim sharoitiga to‘liq moslashgan daraxt ko‘chatlari ekildi. Jumladan, 60 tup pavloniya, 100 tup qarag‘ay, 20 tup chinor, 20 tup jiyda, 20 tup yasin, 30 tup mevali daraxt va 750 tup katalpa ekildi. Tanlangan turlar qurg‘oqchil iqlimga chidamliligi, tuproq sifatini yaxshilash xususiyati hamda shahar muhitida qulay yashil infratuzilma yaratish imkoniyati bilan ajralib turadi.
Tashkilotchilar qayd etishicha, yirik xalqaro tadbirlar doirasida daraxt ekish tashabbusi O‘zbekistonda yaxshi an’anaga aylangan. Masalan, avvalroq, UNESCOning 80 yilligiga bag‘ishlab mamlakatda “yashil bog‘” yaratish bo‘yicha maxsus loyiha amalga oshirilgan va uning doirasida ham yangi daraxtlar ekilgan edi.
CITES CoP20 aksiyasi ishtirokchilarning ekologik barqarorlik maqsadlariga sodiqligini ifodalabgina qolmay, balki mintaqada yashil hududlarni kengaytirishga amaliy hissa qo‘shmoqda. Markaziy Osiyoda ekotizimlarga tushayotgan yuk ortib borayotgan sharoitda bunday tashabbuslar xalqaro hamkorlikning tabiiy resurslarni tiklash hamda kelajak avlodlar uchun yashil meros yaratishga qanday xizmat qilishi mumkinligini yaqqol namoyish etadi.








