15-noyabr — Butunjahon chiqindilarni ikkilamchi qayta ishlash kuni munosabati bilan press-tur tashkil etildi
2025-11-15 13:30:00 / Yangiliklar

Chiqindilarni boshqarish sohasida nafaqat ularni kamaytirish chorlarini ko‘rish, qolaversa, aholi orasida ularni saralash orqali qayta ishlashga topshirish va aylanma iqtisodiyotdagi ulushini oshirish muhim sanaladi.
Media-tur davomida ushbu korxona misolida plastik idishlarning aholidan qabul qilinishidan tortib ularni qayta ishlab, ikkilamchi tayyor mahsulot holigacha bo‘lgan bosqichlar bilan batafsil tanishildi.
Plastik idishlar odatda PET (polietilen tereflat) materialidan tayyorlanadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, quyosh nuri va yuqori harorat taʼsirida PET idishlardan antimon (surma) kabi zararli kimyoviy moddalar suvga ajralib chiqishi mumkin. Boshqa turdagi plastik idishlar (masalan, polikarbonat) tarkibida BPA (bisfenol-A) bo‘lishi mumkin. Bu moddalarning inson salomatligida hatto kichik miqdorda bo‘lsa ham, bolalar va ayollar uchun, ayniqsa, xavfi bor.
Plastik chiqindilar 450-500 yilda chirib, tabiatga aziyat beradi. Ularni qayta ishlash natijasida plastik idishlar, xo‘jalik buyumlari, quvurlar va PET lentasi, sintetik tolalar olish mumkin. Shu boisdan, avvalo, plastik mahsulotlardan foydalanmaslik, uning o‘rniga ekologik toza muqobil variantga o‘tish yoki foydalanilgan plastik chiqindilarni tabiatda tartibsiz qoldirmay, saralash orqali qayta ishlashga topshirish muhimdir.
Ma'lumot uchun: O‘zbekistonda qattiq maishiy chiqindilarning 15 foizini plastik chiqindilar tashkil etadi. Respublika bo‘yicha yiliga o‘rtacha 1,8 mln tonna plastik chiqindi hosil bo‘lmoqda. Hozirda plastik chiqindilarni qayta ishlovchi 116 ta korxona tomonidan ularning o‘rtacha 130 ming tonnasi qayta ishlanmoqda. Bu esa hosil bo‘ladigan plastik chiqindilarning bor-yo‘g‘i 6,6 foizini tashkil etadi. Qolgan plastik chiqindilar poligonlarga yoki noqonuniy chiqindixonalarga tashlanmoqda.
Kelgusida ayni yo‘nalishda sezilarli natijaga erishish uchun O‘zbekistonning «2026–2030 yillarga mo‘ljallangan plastik bilan ifloslanishni kamaytirish bo‘yicha Milliy dasturi»ni tasdiqlash to‘g‘risida qarori loyihasi ishlab chiqilgan va rejali ishlar olib borilmoqda.
Xususan, ko‘p qavatli uylar joylashgan hududlarda chiqindilarni 3-toifaga («qayta ishlanadigan», «qayta ishlanmaydigan» va “oziq-ovqat”) ajratgan holda saralab yig‘ishni tashkil etish maqsadida 180 ta chiqindi yig‘ish maydonchasi maxsus jihozlanib, ularga jami 106 ta chiqindi konteynerlari o‘rnatildi. Ikkilamchi mahsulotlarni chiqindi yig‘ish maydonchalarida sanitar tozalash korxonalari tomonidan sotib olish yo‘lga qo‘yildi.
Qolaversa, davlat rahbari topshirig‘i ijrosi yuzasidan 2030-yilgacha «Nol chiqindi» tamoyiliga erishish maqsadida maishiy chiqindi poligonlari hududida chiqindilarni saralash punktlari hamda o‘sha yerni o‘zida qayta ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ekosanoat zonalari tashkil etilmoqda.
Shu bilan birga, respublikaning 6 ta hududida umumiy hisobda jami 933 mln AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya jalb etilib, chiqindilarni yoqish orqali elektr energiya olishga mo‘ljallangan zavodlar qurilmoqda. Ular 2027 yilda foydalanishga topshiriladi. Kelgusida ushbu zavodlar kuniga 10 ming tonna chiqindini qayta ishlab, yiliga 1 mrld 564 ming kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Natijada 950-1000 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Misol uchun, “Verif” korxonasi 2012-yilda ish boshlagan bo‘lib, plastik chiqindilarni qayta ishlashga mo‘ljallangan. Loyihaning umumiy qiymati 8 mln AQSH dollarini tashkil etadi. Korxona yiliga 26 500 tonna plastik idishni qayta ishlash quvvatiga ega. Bunda asosiy uch turdagi: PET lentasi, plastik granulalar va 15 turdagi sintetik tolalar (turi va hajmi bo‘yicha oddiy tolalar, holofiber va boshqalar) ishlab chiqariladi.
Mahsulotlar mahalliy hamda Rossiya, Belarus va Yevropa davlatlari bozorlariga import va eksport qilinmoqda. Korxonada 350 ga yaqin ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, xodimlar 3 mahal issiq ovqat va maxsus kiyim bilan taʼminlangan. Masʼullar kelgusida korxona quvvatini 50 ming tonnaga oshirib, ish o‘rnini 500 taga yetkazish va eksport hajmini oshirishni reja qilgan.
Ta'kidlash joizki, bu kabi qayta ishlab chiqaruvchi korxonalarning rivojlanib, safi kengayishi «yashil iqtisodiyot» tamoyillariga ko‘ra O‘zbekistonning ekologik barqarorligini taʼminlashga hamda kelajak avlod uchun toza va sog‘lom muhit yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.






