O‘zbekiston GEF VIII Assambleyasiga faol tayyorgarlik ko’rmoqda
2025-11-14 18:30:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda nutq so‘zlagan Aziz Abduhakimov GEF delegatsiyasini iliq kutib olib, yuqori darajadagi hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi. Vazir O‘zbekiston GEF bilan hamkorlikka alohida ahamiyat berishini, chunki ushbu tashkilot mamlakat va mintaqadagi eng muhim ekologik va barqaror rivojlanish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab kelayotganligini ta'kidladi. U O‘zbekiston Assambleyani eng yuqori darajada o‘tkazishga tayyor ekanini tasdiqladi va ushbu tadbir global ekologik kun tartibini ilgari surishda muhim hissa bo‘lishini ta’kidladi. Ayniqsa, Markaziy Osiyoda hamkorlikni mustahkamlash, havo ifloslanishiga qarshi kurash bo‘yicha tajriba almashish, chang bo‘ronlari va “yashil texnologiyalar”ni rivojlantirish masalalariga urg‘u berildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston yirik xalqaro tadbirlarni yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha katta tajribaga ega ekani qayd etildi: 2023-yilda UNWTO Bosh Assambleyasi, 2024-yilda CMS CoP14, shuningdek, GEF delegatsiyasi tashrif doirasida ishtirok etgan UNESCOning 43-Bosh Assambleyasi bunga misol bo‘la oladi.
O‘z navbatida, Piter Lallas samimiy qabul va missiyani yuqori saviyada tashkil etganlik uchun minnatdorlik bildirib, Samarqandning tabiatiga, madaniy merosiga va jadal rivojiga qoyil qolganini ta’kidladi. U GEF O‘zbekistonning ekologik kun tartibini ilgari surishdagi sa’y-harakatlarini yuksak baholashini va hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorligini ma’lum qildi.
Tomonlar O‘zbekiston hukumati va GEF Kotibiyati o‘rtasida 8-Assambleyani o‘tkazish to‘g‘risidagi Bitimni imzolash masalasini muhokama qildi. Hujjatni Braziliyaning Belen shahrida bo‘lib o‘tadigan CoP30 doirasida imzolash rejalashtirilmoqda. Viza, xavfsizlik, tibbiy xizmat, logistika, matbuot markazi faoliyati, protokol tadbirlari va madaniy dastur masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda aviaqatnovlarni kengaytirish, delegatsiyalarni aeroport va vokzallarda kutib olish, Assambleyaning rasmiy veb-saytini tayyorlash va xalqaro PR-kampaniyani yo‘lga qo‘yish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi. Transport koridorlarini ta’minlash, texnik qo‘llab-quvvatlash, xodimlarni tayyorlash va volontyorlar ishini tashkil etish yuzasidan alohida e’tibor qaratildi.
Assambleya dasturini quyidagilar bilan boyitish taklif etildi: rassomlar va haykaltaroshlar simpoziumini o‘tkazish, O‘zbekistondagi GEF loyihalariga bag‘ishlangan fotoalbom tayyorlash, shuningdek, Qashqadaryo viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlariga tashriflar uyushtirish. Shuningdek, Assambleya uchun animatsion logotip yaratish va mas’ullar belgilangan ishchi guruh tuzish taklifi bildirildi.
A. Abduhakimov GEFning 8-Assambleyasi CITES CoP20 (2025-yil 24-noyabr – 5-dekabr) va Eco Expo Central Asia – 2026 bilan bir qatorda mintaqa uchun muhim voqealardan biri bo‘lishini aytib o'tdi. Ushbu tadbirlar O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda ekologik diplomatiya markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi. Vazir Assambleya ishtirokchilarini Toshkentdagi "Green University" hamda Samarqanddagi "Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga tashrif buyurishga taklif etdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar GEFning 8-Assambleyasini tashkil etishning barcha jihatlari bo‘yicha yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqladi. Ushbu tadbirga 1500 dan ortiq ishtirokchi — hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, biznes va ilmiy doiralar vakillari tashrif buyurishi kutilmoqda.





