Zarafshon daryosida noqonuniy baliq ovlaganlar ushlandi
2025-11-12 20:00:00 / Yangiliklar
Samarqand viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, Paxtachi tuman Ekologiya bo‘limi hamda tuman IIB bo‘limi tomonidan navbatdagi tungi nazorat reyd tadbiri o‘tkazildi.

Reyd davomida tuman hududidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosida 4 nafar fuqaro tomonidan noqonuniy tarzda baliq ovlanib, transport vositasiga yuklanayotganligi ma’lum bo’ldi. Huquqbuzarlar to‘qay ichiga yashirinishga uringanida inspektorlar tomonidan ushlandi.
Holat yuzasidan daliliy ashyolar (105 bosh 6 turdagi baliq, ov qurollari va 2 ta rezena qayiq) olib qo‘yildi. Transport vositasi esa jarima maydoniga joylashtirildi.
Qolaversa, huquqbuzarlarga tabiatga 130 million 149 ming so‘m zarar yetkazilganligi hisoblandi. Hujjatlar holatga huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilmoqda.
