Adliya vaziri o‘rinbosari huquqiy targ‘ibot tadbirlari ko‘lamiga oid taqdimot bilan tanishdi.
2025-08-18 15:00:00 / Vazirlik yangiliklari

“Huquqiy targ'ibot kuni” fuqarolarning huquqiy muammolarini manzilli o‘rganish va bartaraf etishda muhim qadam bo‘ldi. Bugungi kunda haftaning har chorshanba kunida Samarqand viloyatidagi tuman adliya bo‘limlari tomonidan ushbu tadbir doirasida o‘tkazilayotgan o‘rganishlar aholining huquqiy madaniyati yuksalib, mazkur yo‘nalishdagi muammolarni kamayishiga xizmat qilmoqda.
👍Adliya vaziri o‘rinbosari M.Istamov Samarqand shahar "Devori ko‘ndalang" mahallasida "Huquqiy targ‘ibot kuni" doirasida olib borilayotgan huquqiy targ‘ibot ishlari, aholining huquqiy muammolarini o‘rganish jarayoni ko‘lami hamda boshqarma tomonidan tashkil etilgan “Huquqiy maslahat burchagi” va uning afzalligiga oid taqdimot bilan tanishdi. Unda aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish, qonunchilikdagi yangiliklarni yetkazish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish mexanizmlari haqida keng ma’lumot berildi. Mazkur tashabbus o‘zini oqlasa kelgusida Samarqand tajribasi sifatida hududlarda ham joriy etilishi ta’kidlandi.
👍Shuningdek, mahalla faollari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Suhbat jarayonida aholining huquqiy savodxonligini yanada yuksaltirish, huquqiy axborotni sodda va xalqchil uslubda yetkazish, turli ijtimoiy qatlam vakillariga mos yo‘nalishda targ‘ibot ishlarini olib borish zarurligi ta’kidlandi.
👍Muloqot davomida mahalla vakillari o‘z taklif va fikrlarini bildirdi. Adliya vaziri o‘rinbosari bu takliflarni amaliyotga tatbiq etilishi bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi. Xususan, “Huquqiy targ‘ibot kuni” doirasidagi tadbirlar aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishda muhim maydon bo‘lib xizmat qilishi kerakligi, bu boradagi hamkorlik ishlarini yanada jadallashtirish zarurligini qayd etdi.






