Asosiy kontentga o'tish

Vazirlik tarixi

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining tashkil etilishi va taraqqiyot bosqichlari

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya xalq komissarligi 1924-yil 26-noyabrda Inqilobiy qoʻmitaning qarori bilan Turkiston avtonom respublikasi Adliya xalq komissarligi negizida tashkil etilgan. Uning asosiy vazifalaridan biri Oʻzbekiston tarkibiga kirgan avvalgi Buxoro Amirligi, Xorazm va Qoʻqon xonligi davlatlarining hududida adliya idoralarining faoliyatini tartibga solish va muvofiqlashtirishdan iborat edi.

1991-yilda Oʻzbekiston xalqi davlat mustaqilligiga erishdi. Uning tarixiy ahamiyati shundan iboratki, avvalo inson omilining ustuvorligi, davlat mustaqilligi tamoyillari tan olindi, xalqparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish kabi maqsadlar qoʻyildi.

Mustaqil mamlakatimiz Adliya vazirligining rivojlanish tarixining asosiy sanalarini koʻrib chiqsak:

1992-yil 8-yanvar – davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-314-sonli tarixiy Farmoni qabul qilindi va mustaqil Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga asos solingan. Yaʼni, Oʻzbekiston SSRning ittifoq-respublika Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining Adliya vazirligiga aylantirildi.

1992-yil 12-noyabr – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 523-sonli qarori qabul qilindi va Adliya vazirligining Nizomi tasdiqlandi.

1993-yil 17-iyun – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning umumiy-majburiy tusdagi normativ-huquqiy hujjatlarining huquqiy ekspertizasi va ularni davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 294-sonli qaroriga asosan Adliya vazirligining Iqtisodiy islohot boʻyicha qonunchilik va meʼyoriy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va huquqiy ekspertiza qilish boshqarmasi tarkibida Idoraviy meʼyoriy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻlimi tashkil etildi.

1994-yil 24-yanvar – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 27-sonli qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi markaziy apparatining tuzilmasiga tegishli tartibda oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilib, Huquqiy siyosatni muvofiqlashtirish hamda Huquqiy targʻibot boʻlimlari negizida Huquqiy siyosatni va xalqaro huquqiy aloqalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi, Iqtisodiy islohot boʻyicha qonunchilik va normativ hujjatlar loyihalarini tayyorlash va huquqiy ekspertiza qilish boshqarmasi tashkil etildi.

1994-yil 22-mart – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 153-son qarori bilan “Yuridik shaxslar birlashmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish haqida”gi Nizom qabul qilindi.

1994-yil 13-may – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi apparati tuzilmasini takomillashtirishning baʼzi masalalari toʻgʻrisida”gi 257-son qaroriga asosan Xalqaro-huquqiy boshqarmasi tuzildi.

1995-yil 27-aprel – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini takomillashtirish va uning apparati tuzilmasidagi oʻzgartirishlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Adliya vazirligining Iqtisodiy islohot boʻyicha qonunchilik va normativ hujjatlar loyihalarini tayyorlash va huquqiy ekspertiza qilish boshqarmasi tarkibida 3 ta shtat birligi miqdorida Tadbirkorlar va xususiy mulk egalari huquqlariga rioya etish boʻyicha qonunchilikning bajarilishini nazorat qilish boʻlimi tashkil etildi.

1995-yil 23-avgust – “Huquq va burch” jurnali hamda “Inson va qonun” huquqiy gazetasi Davlat Matbuot qoʻmitasi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazildi.

1997-yil 10-iyul – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 345-sonli qaroriga asosan Adliya vazirligi tizimida fuqarolarning qonunchilik buzilishi yuzasidan ariza va shikoyatlarni koʻrib chiqish boshqarmasi tashkil etildi.

1997-yil 9-oktyabr – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar meʼyoriy hujjatlarining qonuniyligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 469-sonli qaroriga asosan Iqtisodiy islohot boʻyicha qonunchilik va normativ hujjatlar loyihalarini tayyorlash va huquqiy ekspertiza qilish boshqarmasi tarkibidagi Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning meʼyoriy hujjatlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻlimi negizida Idoraviy meʼyoriy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi tashkil etilib, Adliya vazirligi markaziy apparatining alohida tarkibiy boʻgʻini sifatida ajralib chiqdi.

1998-yil 24-fevral – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini tashkil etish va ularning faoliyatini boshqarish toʻgʻrisida”gi 77-sonli qaroriga asosan Toshkent yuridik texnikumi negizida Toshkent yuridik kolleji tashkil etildi va 2003-yil 27-avgustda Adliya vazirligi tizimiga kiritildi.

1998-yil 24-aprel – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy nochorligi va shartnoma majburiyatlarining bajarilishi uchun mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi 1998-yil 4-martdagi PF-1938-son Farmonining bajarilishini taʼminlash chora-tadbirlari haqida”gi 177-son qaroriga asosan Adliya vazirligi markaziy apparatida Xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilishini nazorat qilish boshqarmasi tashkil etildi.

1999-yil 12-fevral – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 12-sonli qarorining qabul qilinishi, shuningdek vazirlikda ish yuritilishini sifatli va yanada samarali tarzda tashkil etish hamda ijro intizomini mustahkamlash maqsadida Adliya vazirligi Hayʼati majlisining 1999-yil 25-yanvardagi 1-son bayoni bilan vazirlikning Ishlar boshqarmasi negizida Tashkiliy-nazorat va tahlil boshqarmasi tashkil etildi.

2000-yil 5-avgust – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 304-sonli qaroriga muvofiq aholining huquqiy madaniyatini oshirish, yuridik va jismoniy shaxslarning meʼyoriy-huquqiy hujjatlardan keng foydalanishini taʼminlash, jamiyatni huquqiy axborotlar bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish va amaldagi qonun hujjatlarini bosqichma-bosqich turkumlashni tashkil etish maqsadida Adliya vazirligi markaziy apparatida Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi tashkil etildi.

2001-yil 22-sentyabr – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 383-sonli qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sudlar faoliyatini tashkiliy, moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti sifatida qayta tashkil etildi.

2003-yil 2-may – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni huquqiy himoya qilishni kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 205-sonli qarori qabul qilindi va unga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga xorijiy investorlarni va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni huquqiy himoya qilishni taʼminlash vazifasi yuklatildi.

2003-yil 27-avgust – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 370-sonli qarori qabul qilindi va Adliya vazirligining yangi Nizomi tasdiqlandi.

2003-yil 29-sentyabr – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 27-avgustdagi 370-sonli qarori hamda adliya vazirining 2003-yil 29-sentyabrdagi 237-sonli buyrugʻiga asosan Iqtisodiy islohot boʻyicha qonunchilik va normativ hujjatlar loyihalarini tayyorlash va huquqiy ekspertiza qilish boshqarmasi Iqtisodiy qonunchilik boshqarmasiga, Huquqiy siyosatni muvofiqlashtirish va oʻquv muassasalari boshqarmasi esa Huquqiy targʻibot va huquqiy taʼlim boshqarmasiga aylantirildi.

2004-yil 24-fevral – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 112-f-sonli farmoyishi bilan tasdiqlangan Huquqni muhofaza qilish organlar tomonidan inson huquqlariga rioya etilishining holatini oʻrganish boʻyicha Idoralararo ishchi guruhi tashkil etildi va Adliya vaziri mazkur ishchi guruhining rahbari etib belgilandi.

2005-yil 28-sentyabr – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) bilan Adliya vazirligi oʻrtasida “Inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, himoya qilish va unga rioya etish sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida”gi Memorandum imzolandi va ushbu hujjat hamkorlikda faoliyat koʻrsatish uchun zamin yaratdi.

2005-yil 15-dekabr –Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-237-sonli qaroriga muvofiq Adliya vazirligi huzurida Normativ-huquqiy hujjatlarning amalga oshirilishi ustidan monitoring qilish markazi tashkil etildi hamda mazkur markazning direktori Adliya vazirining oʻrinbosari etib belgilandi.

2008-yil 27-oktyabr – Inson huquqlarini himoya qilish borasidagi faoliyat samaradorligini oshirish, ushbu sohada faoliyat yurituvchi idoralarning oʻzaro aloqalarini muvofiqlashtirish maqsadida Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirligi oʻrtasida “Inson huquqlarini himoya qilishni taʼminlash sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida”gi Kelishuv imzolandi.

2009-yil 31-dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasidan keng foydalanishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 340-sonli qaroriga asosan 2010-yil 1-yanvardan boshlab barcha foydalanuvchilarning Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasidan tekin foydalanishi belgilab qoʻyildi.

2011-yil 17-iyun – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari faoliyatida qonuniylikni taʼminlash sohasida adliya organlarining rolini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1555-sonli qaroriga asosan Adliya vazirligi huzuridagi Normativ-huquqiy hujjatlarning amalga oshirilishi ustidan monitoring qilish markazi Adliya vazirligi Qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish bosh boshqarmasiga aylantirildi va uning hududiy boʻlimlari tashkil etildi. Keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 24-iyuldagi “Qonunchilik ijrosini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-4636-son Farmoni bilan Adliya vazirligi Qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish bosh boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlari tugatildi.

2011-yil 23-avgust – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1602-sonli qarori qabul qilindi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yangi Nizomi tasdiqlandi.

2015-yil 15-may – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni taʼminlash, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-4725-son Farmoni bilan Adliya vazirligiga adliya organlari xodimlarining chegaralangan miqdorini saqlab qolgan holda, “bir darcha” markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va uslubiy koʻmak koʻrsatish vazifalari yuklatildi.

2017-yil 12-dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi.

2018-yil 13-aprel – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tumanlar (shaharlar)da adliya boʻlimlari tashkil etildi hamda Adliya vazirligining Shartnomaviy-huquqiy ishlarni nazorat qilish boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlari tugatildi.

Bundan tashqari, 2018-yildan boshlab:

Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qoʻllash amaliyoti holati toʻgʻrisida har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga axborot taqdim etishi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi adliya vaziri, hududiy adliya boshqarmalari boshliqlari har yarim yil yakuni boʻyicha tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlariga joylarda norma ijodkorligi hamda huquqni qoʻllash amaliyoti holati boʻyicha axborot taqdim etishi;

tuman (shahar) adliya boʻlimlari boshliqlari har chorakda tegishlicha tuman (shahar) xalq deputatlari Kengashlariga tuman (shahar) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi hamda huquqni qoʻllash amaliyoti holati boʻyicha axborot taqdim etishi belgilandi.

2018-yil 13-aprel – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3666-sonli Qarori qabul qilindi. Mazkur Qaror bilan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi toʻgʻrisidagi nizom;

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimining tashkiliy tuzilmasi;

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi tuzilmasi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi;

tumanlar (shaharlar) adliya boʻlimlarining namunaviy tuzilmasi;

normativ-huquqiy hujjatlarning ijrochilarga yetkazilishi hamda ulardagi norma va qoidalarning aholiga tushuntirilishi sxemasi hamda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar tasdiqlandi.

2019-yil 9-yanvar – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-5618-sonli Farmon bilan Adliya vazirligi jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish sohasida muvofiqlashtiruvchi davlat organi etib belgilandi. Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

2019-yil 8-fevral – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4168-son qaroriga muvofiq intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish va umumeʼtirof etilgan xalqaro normalarni implementatsiya qilishga oid faoliyati qoniqarsiz deb topilganligi sababli Intellektual mulk agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimiga oʻtkazildi.

2020-yil 19-may – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5997-sonli Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmonga koʻra 2020 — 2024-yillarda adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

Vazirlikda Maʼmuriy tartib-taomillarni takomillashtirish va monitoringini yuritish hamda Fuqarolik-huquqiy munosabatlarni rivojlantirish boshqarmalari tashkil etildi.

2020-yil 2-iyun – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish toʻgʻrisida”gi PF-6003-sonli Farmoniga asosan Adliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boshqarmasi tashkil etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Kengashning ishchi organi etib belgilandi.

2021-yil 11-fevral – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PF-6166-sonli Farmoniga koʻra Adliya vazirligiga qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash yuzasidan, shu jumladan Hisob palatasi bilan birgalikda sohalar, hududlar va idoralar kesimida manzilli va tematik tahliliy oʻrganishlarni olib borish va joylardagi holat monitoringini yuritish vazifasi yuklatildi.

2022 yil 17-mart – “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat ko‘rsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF – 89-sonli Prezident Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmonga muvofiq, adliya tizimida yagona boshqaruvni joriy qilish uchun Davlat xizmatlari agentligi va Intellektual mulk agentligi bevosita Adliya vazirligiga, ularning hududiy tuzilmalari esa hududiy adliya organlariga qo‘shildi.

Adliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasi, hududiy adliya organlarida esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasining hududiy boʻlimlari tashkil etildi.

Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan faoliyatning alohida masalalari boʻyicha – bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga boʻysunadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining asosiy va eng muhim vazifasi norma ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyoti sohasida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni, qonun ustuvorligini, davlat va jamiyat qurilishi sohasida qonuniylikni taʼminlashga qaratilgan yagona davlat siyosatini izchil amalga oshirishdan iboratdir.

Vazirlikka Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan adliya vaziri boshchilik qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimiga Vazirlik markaziy apparati, “O‘zarxiv” agentligi, Personallashtirish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) adliya bo‘limlari, yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari, davlat xizmatlari markazlari va FHDY organlari, X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi, “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi” davlat muassasasi, “Adliya organlari va muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi, “Davlat xizmatlarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi, “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi, davlat notarial idoralari va arxivlari, Yuristlar malakasini oshirish markazi, Toshkent davlat yuridik universiteti, yuridik texnikumlar va Akademik litsey kiradi.

 

 

1236