DAVLAT HISOBIDAN YURIDIK YORDAM: KECHAGI MUAMMOLARDAN BUGUNGI RAQAMLI TIZIMGACHA
2026-09-10 16:00:00 / Maqolalar
Yangi O‘zbekistonda davlat hisobidan yuridik yordam qanday o‘zgarmoqda?
Huquqni himoya qilish imkoniyati insonning moddiy ahvoliga bog‘liq bo‘lmasligi kerak. Davlat hisobidan yuridik yordam tizimi aynan shu tamoyilni hayotga tatbiq etishga xizmat qiladi. Bugun “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali advokatni tanlashdan tortib, ko‘rsatilgan xizmatni tasdiqlash va advokatga haq to‘lashgacha bo‘lgan barcha jarayonlarning raqamlashtirilgani bu sohada kechagi muammolar bilan bugungi imkoniyatlar o‘rtasida katta tafovut paydo bo‘lganini ko‘rsatmoqda.
Huquqiy davlatning eng muhim mezonlaridan biri — inson o‘z huquqini qanchalik samarali himoya qila olishidir. Ayniqsa, shaxsning erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati yoki ijtimoiy manfaatlari bilan bog‘liq masalalarda malakali yuridik yordam oddiy xizmat emas, balki adolatli sudlovning muhim kafolatidir.
O‘zbekistonda davlat hisobidan yuridik yordam instituti avval ham, xususan, jinoyat protsessida himoya huquqini ta’minlash vositasi sifatida mavjud bo‘lgan. Biroq avvalgi amaliyotda advokatni jalb etish, uni tanlash, ishini hisobga olish va xizmat haqini to‘lash jarayonlarini yagona tizim asosida boshqarish mexanizmi to‘liq shakllanmagan edi. Natijada tizimning ayrim bosqichlarida inson omili haddan tashqari katta bo‘lgan.
Masalan, davlat hisobidan advokat jalb qilinadigan ayrim ishlarda himoyachini tanlash ishni yuritayotgan organ, navbatchilikdagi advokatlar yoki amaliyotdagi norasmiy kelishuvlarga bog‘lanib qolishi mumkin edi. Bunday vaziyat advokatlar o‘rtasida teng imkoniyat va shaffof taqsimot tamoyillariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Jiddiy muammolardan yana biri ayrim advokatlarning muayyan tergov organlari yoki boshqa vakolatli subyektlar bilan doimiy hamkorligi natijasida “cho‘ntak advokatlar” deb ataladigan advokat toifasining shakllanganligi edi. Bu holat davlat hisobidan yuridik yordamning mohiyatiga — fuqaroning mustaqil va malakali himoyaga ega bo‘lishi tamoyiliga zid edi.
Bunday holatlarda muammo shunchaki “advokatni kim tayinlaydi?” degan savoldan iborat emas. Bunda asl masala — davlat tomonidan moliyalashtiriladigan yuridik yordamning mustaqilligi, shaffofligi, sifatini nazorat qilish va ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli sarflanishini ta’minlashdan iborat.
Qonun va raqamlashtirish: o‘zgarishlarning huquqiy poydevori
Mazkur yo‘nalishdagi tub burilish O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil
16-iyundagi O‘RQ-848-son “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan bog‘liq. Ushbu hujjat davlat hisobidan yuridik yordamning asosiy prinsiplari, undan foydalanish huquqiga ega shaxslar, yordam ko‘rsatish shakllari hamda uni moliyalashtirishning huquqiy asoslarini belgilab berdi.
Keyingi muhim qadam Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 21-noyabrdagi
774-son Qarori bilan tasdiqlangan Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni jalb etish va ularga haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangani bo‘ldi.
Bu yerda gap faqat yangi huquqiy hujjat qabul qilinganida emas. Muhimi, qonunchilikda belgilangan mexanizmlarni amaliyotga olib kiradigan raqamli infratuzilma shakllandi. “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali advokatlar reyestrini yuritish, murojaatlarni qabul qilish, advokatni elektron tarzda tanlash, ko‘rsatilgan yordamni tasdiqlash va haq to‘lash jarayonlari yagona tizimga birlashtirildi.
Buning oddiy, ammo muhim ma’nosi bor: ilgari bir necha bosqichda, turli subyektlar ishtirokida va inson omiliga bog‘liq holda amalga oshirilgan jarayon endi yagona elektron tizim bilan qamrab olindi.
“Tasodifiy tanlash” — tizimdagi eng muhim yangiliklardan biri
Yangi mexanizmning eng e’tiborli jihatlaridan biri advokatni elektron tarzda tasodifiy tanlash imkoniyatining joriy etilganidir.
Tegishli qaror yoki sud ajrimi “Yuridik yordam” axborot tizimida ro‘yxatga olingach, advokat ish ko‘rilayotgan hudud bo‘yicha elektron tarzda tanlanadi. Bunda advokatning ixtisosligi va boshqa tegishli mezonlar ham inobatga olinadi. Tanlangan advokat ishni qabul qilmasa yoki belgilangan muddatda javob bermasa, tizim boshqa advokatni tanlaydi.
Bu mexanizmning mohiyati oddiy: advokatni subyektiv ravishda tanlash imkoniyati qancha kamaytirilsa, tizimdagi manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsion xavflar uchun shuncha kam imkoniyat qoladi.
Ya’ni, raqamlashtirish bu yerda shunchaki qulaylik yaratish vositasi emas, u huquqiy jarayonning o‘zida xolislik va shaffoflikni kuchaytiradigan institutsional mexanizmga aylanmoqda.
Bugungi raqamlar nimani ko‘rsatmoqda?
Islohotning haqiqiy bahosi qabul qilingan hujjatlar soni bilan emas, uning inson hayotidagi natijasi bilan o‘lchanadi. Shu nuqtayi nazardan, 2026-yilning birinchi yarim yilligi bo‘yicha ko‘rsatkichlar alohida e’tiborga loyiq.
Mazkur davr yakuniga ko‘ra, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzgan advokatlar soni 2 517 nafarni tashkil etdi. “Yuridik yordam” tizimiga jami 39 656 ta so‘rov kelib tushgan. Ularning 15 646 tasi sudlardan, 23 665 tasi surishtiruv-tergov organlaridan va 345 tasi fuqarolar tomonidan yuborilgan.
So‘rovlarning katta qismi jinoyat protsessidagi himoya huquqini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan. Jumladan, 32 695 ta holatda Jinoyat-protsessual kodeksining 51 va 52-moddalariga muvofiq gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, 6 770 ta holatda “Ijtimoiy himoya” yagona reyestrida kam ta’minlangan shaxs sifatida turgan fuqarolarga, 162 ta holatda psixiatriya yordami ko‘rsatilayotgan shaxslarga hamda 29 ta holatda xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilgan shaxslarga yuridik yordam ko‘rsatilgan.
Bu raqamlar ortida minglab insonlarning taqdiri turibdi. Shu sababli statistikani faqat quruq hisobot sifatida emas, insonning huquqiy himoyaga bo‘lgan real ehtiyoji ifodasi sifatida ko‘rish lozim.
Davlat mablag‘i qanday nazorat qilinmoqda?
Davlat hisobidan yuridik yordam — bir vaqtning o‘zida huquqiy va moliyaviy mexanizmdir. Chunki bu xizmatni moliyalashtirish uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratiladi.
2026-yilning birinchi yarim yilligi davomida 31 064 ta ish uchun
20,5 milliard so‘m miqdorida to‘lov amalga oshirilgan. Bu raqam tizimning real moliyaviy mexanizm sifatida ishlayotganini ko‘rsatadi.
Ammo bundan ham muhim savol bor: davlat mablag‘i aynan qanday xizmat uchun to‘lanmoqda?
Avvalgi amaliyotda ayrim hollarda advokatning ishda minimal darajada, masalan, bir-ikki marta ishtirok etganiga qaramay, bajarilgan ishlar hajmini sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatish va tasdiqlash holatlari uchrashi mumkin edi. Bunday yondashuv davlat budjetidan asossiz xarajatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.
Bugungi raqamli tizim esa advokatning protsessual harakatlardagi ishtiroki
va bajargan ishlari hajmini elektron qayd etish hamda tekshirish imkonini bermoqda. Natijada to‘lovning amalda ko‘rsatilgan yuridik yordamga bog‘lanishi kuchaymoqda.
Bu — raqamlashtirishning eng katta afzalliklaridan biri. Elektron tizim insonni nazorat qilish uchun emas, inson omili sabab yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatolar va manfaatlar to‘qnashuvini kamaytirish uchun xizmat qilmoqda.
Sohani raqamlashtirishning yana bir ijobiy jihati — advokatlar tomonidan yo'l qo'yilgan qoidabuzarliklarni oson va tezkor aniqlash mexanizmining mavjudligidir.
Bugungi kunda ham ayrim hollarda advokatlar tomonidan shartnoma shartlarining lozim darajada bajarilmasligi yoki belgilangan tartibni chetlab o'tishga urinish holatlari kuzatilmoqda. Bunday holatlar hududiy adliya organlari tomonidan o'z vaqtida aniqlanmoqda.
Shuningdek, mazkur qoidabuzarliklar yuzasidan bugungi kunga qadar Advokatlar palatasiga 100 dan ortiq taqdimnoma kiritilgan bo'lib, natijada o'z vazifasiga mas'uliyatsizlik bilan yondashgan advokatlarni belgilangan tartibda intizomiy javobgarlikka tortishga erishilgan.
“Bepul advokat” tushunchasidan sifatli himoya standartigacha
Davlat hisobidan yuridik yordamni faqat “bepul advokat” tushunchasi bilan izohlash bugungi o‘zgarishlarning mohiyatini to‘la ochib berolmaydi.
Gap, avvalo, fuqaroning moddiy imkoniyatidan qat’i nazar, professional himoyaga ega bo‘lishi haqida bormoqda. Ilgari malakali advokat xizmatidan foydalanish imkoniyati cheklangan ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar bugun davlat kafolatlagan mexanizm orqali o‘z manfaatlarini professional darajada himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Tizimning yana bir muhim natijasi — advokatning protsessual mustaqilligi
va faolligi oshayotganidir. Advokatning e’tirozlar bildirish, iltimosnomalar kiritish, dalillarni to‘plash va fuqaro manfaatlarini himoya qilishdagi faol pozitsiyasi kuchayishi huquqiy himoyaning mazmunini o‘zgartiradi.
Bu esa tergov va sud jarayonlarida tortishuvchanlik tamoyilining amaliy ahamiyatini oshiradi. Advokat ishni yuritayotgan organning pozitsiyasini shunchaki kuzatib boruvchi emas, balki fuqaroning qonuniy manfaatlarini faol himoya qiluvchi mustaqil ishtirokchiga aylanishi kerak.
Ertangi kun: tizim endi nimaga intilishi kerak?
Bugungi natijalar muhim. Ammo har qanday islohotning muvaffaqiyati uning keyingi bosqichga qanday o‘tishiga bog‘liq.
Endilikda davlat hisobidan yuridik yordam tizimida asosiy e’tibor faqat advokatlar soni yoki ko‘rsatilgan xizmatlar hajmiga emas, ularning sifatiga qaratilishi lozim. Buning uchun yagona sifat baholash tizimini shakllantirish muhim.
Advokatning ishga o‘z vaqtida kirishishi, protsessual hujjatlarning sifati, suddagi ishtirok faolligi, murojaatchining qoniqish darajasi, advokatni almashtirish holatlari va intizomiy choralar kabi ko‘rsatkichlar muntazam tahlil qilinsa, tizimning haqiqiy samaradorligini aniqroq baholash mumkin bo‘ladi.
Yana bir muhim vazifa — ochiq va tahliliy statistik hisobotlar tizimini rivojlantirish. Hududlar kesimida so‘rovlar, tayinlangan advokatlar, rad etishlar, advokatni almashtirish, to‘lovlar, ish turlari va natijadorlik ko‘rsatkichlarining muntazam e’lon qilib borilishi jamoatchilik va idoraviy nazoratni kuchaytiradi.
Bu jarayon kelajakda “qancha advokat tayinlandi?” degan savoldan “qancha fuqaroning huquqi samarali himoya qilindi?” degan savolga o‘tishni taqozo etadi.
Davlat hisobidan yuridik yordam tizimining bugungi qiyofasi kechagi tajribadan keskin farq qiladi. Kecha advokatni tanlash, xizmatni hisobga olish, haq to‘lash va nazorat qilishda inson omiliga bog‘liq muammolar mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugun bu jarayonlarning muhim qismi yagona raqamli tizimga birlashtirilmoqda.
“Yuridik yordam” axborot tizimi orqali advokatni tasodifiy tanlash, xizmatni qayd etish, to‘lovlarni amalga oshirish va jarayonni nazorat qilish imkoniyatlarining paydo bo‘lishi shaffoflikni oshirish bilan birga, inson huquqlarini himoya qilishning amaliy kafolatlarini ham kuchaytirmoqda.
Biroq oldinda yanada muhim vazifa turibdi: tizimni shunchaki bepul advokat tayinlaydigan mexanizmdan sifatli, mustaqil, tezkor va natijador yuridik yordamning milliy standartiga aylantirish.
Zero, adolatning kuchi faqat qonunlarning mukammalligida emas. Uning haqiqiy qadri inson o‘z huquqi buzilgan paytda bu huquqni himoya qiladigan mustaqil, malakali va xolis yordamga ega bo‘lishida namoyon bo‘ladi. Davlat hisobidan yuridik yordam tizimining bugungi islohoti esa aynan shu maqsad sari tashlangan muhim qadamdir.
Notariat, advokatura va nizolarni
muqobil hal qilish boshqarmasi
