Andijonda 100 ta yangi brend yaratiladi!
2026-08-20 16:55:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugungi raqobat sharoitida mahsulot ishlab chiqarishning o‘zi yetarli emas. Uni tanitish, o‘z brendini yaratish va eng muhimi — huquqiy himoya qilish tadbirkorning bozordagi o‘rnini mustahkamlaydi.
Shu maqsadda Adliya vazirligi tashabbusi bilan Andijon davlat texnika institutida “Andijonning 100 ta yangi brendi” loyihasi doirasida seminar-trening tashkil etildi.
Adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikramov ishtirok etgan tadbirda tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilarga o‘z mahsulotlarini kuchli brendga aylantirish, tovar belgilarini yaratish va ularni huquqiy himoya qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Loyiha tadbirkorlarga nima beradi?
o‘z mahsuloti uchun kuchli va taniladigan brend yaratish;
brend identifikatsiyasi va dizaynini takomillashtirish;
tovar belgisini milliy va xalqaro darajada huquqiy himoya qilish;
yaratilgan logotiplarni mutaxassislar ishtirokida ekspertizadan o‘tkazish;
mahsulotning bozordagi raqobatbardoshligi va tanilishini oshirish imkoniyatini beradi.
Shuningdek sayyor qabul ham tashkil etildi. Unda 232 nafar tadbirkor ishtirok etib, yakunda 120 nafar tadbirkorning o‘z tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishi uchun talabnomalar topshirildi.
Maqsad aniq — Andijonda huquqiy himoyalangan, raqobatbardosh va bozorda o‘z o‘rniga ega 100 ta yangi brend yaratish.
Mahalliy mahsulot — kuchli brendga, kuchli brend esa katta bozorga chiqishi kerak.









