HAR BIR MUROJAAT ORTIDA INSON TAQDIRI BOR
2026-08-07 15:00:00 / Maqolalar
HAR BIR MUROJAAT ORTIDA INSON TAQDIRI BOR
Inson huquqlarini himoya qilish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining bosh mezoni
Davlatning qudrati faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar, ulkan bunyodkorliklar yoki zamonaviy infratuzilma bilan o‘lchanmaydi. Uning eng xolis mezoni — inson o‘z huquqlari himoyalanganini, inson qadrlanganini va adolat qaror topganini kundalik hayotida his etishidir.
Har qanday demokratik davlatning asl vazifasi fuqaroni boshqarish emas, unga xizmat qilishdir. Qonuniy manfaatni himoya qilish, buzilgan huquqni tiklash va adolatni ta’minlash ana shu xizmatning mazmunini belgilaydi.
Bugun Yangi O‘zbekistonda kechayotgan islohotlar markaziga inson qadri qo‘yilgani ham bejiz emas. “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil inson huquqlarini alohida bir sohaning vazifasi emas, butun davlat siyosatining bosh mezoniga aylantirmoqda.
Bu jarayonda Adliya vazirligi zimmasidagi mas’uliyat alohida. Chunki adliya organlari faqat qonun ijodkorligi yoki huquqiy ekspertiza bilan cheklanmaydi. Tizim bugun fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash, davlat organlari faoliyatida qonun ustuvorligini ta’minlash va huquqbuzarliklarning oldini olish orqali inson manfaatining amaliy himoyachisi bo‘lib maydonga chiqmoqda. 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bu yondashuv qanday natija berayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Raqam emas — taqdir
Statistika ko‘pincha jonsiz raqamlar majmui bo‘lib tuyuladi. Holbuki, inson huquqlariga oid har bir ko‘rsatkich ortida kimningdir taqdiri, bir oilaning tashvishi, tiklangan huquq va davlat organlariga ishonch turadi.
Hisobot davrida Adliya vazirligi va hududiy adliya organlari tomonidan inson huquqlarini himoya qilish yo‘nalishidagi 21 908 ta murojaat ko‘rib chiqildi. Fuqarolar bilan bevosita muloqot qilish uchun 4 232 ta “Adliya kuni”, 4 419 ta sayyor qabul va 1 468 ta o‘rganish tashkil etildi.
Bu – davlat tashkilotlari xodimlari kabinetlardan chiqib, odamlar yashayotgan mahalla va qishloqlarga, ular mehnat qilayotgan korxonalarga borganini anglatadi. Ya’ni fuqaro muammosini idorama-idora ko‘tarib yurishi kutilmadi, aksincha, davlatning o‘zi muammo bor joyga bordi. Zamonaviy davlat boshqaruvining yangi falsafasi ham aynan shunda.
Murojaatga javob emas, muammoga yechim
Murojaatni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki unga javob xati yuborish hali inson huquqini himoya qilish degani emas. Asosiy savol bitta: muammo amalda hal bo‘ldimi?
2026-yilning dastlabki olti oyida 11 988 ta holatda 36 347 nafar fuqaroning huquqiy himoyasi ta’minlandi. Bu natija davlat organlari faoliyatida mezon o‘zgarayotganini anglatadi: endi maqsad murojaatni shunchaki ko‘rib chiqish emas, fuqaroning buzilgan huquqini tiklashdir. Inson qadri tamoyilining eng aniq amaliy ifodasi ham shu.
Eng ko‘p murojaatlar mehnat qonunchiligi sohasiga to‘g‘ri keldi – 5 113 nafar fuqaroning mehnat huquqlari tiklandi. O‘z vaqtida to‘langan ish haqi, noqonuniy ishdan bo‘shatishning oldi olinishi yoki xodimning ishga qaytarilishi faqat bir kishining masalasi emas. Bu – butun oilaning daromadi, xotirjamligi va ertangi kunga ishonchi demakdir.
Bu ko‘rsatkich, bir tomondan, mehnat munosabatlarida qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, fuqarolarning huquqiy xabardorligi va o‘z huquqini himoya qilish mexanizmlariga ishonchi ortayotganidan dalolat beradi.
Inson huquqlari – kundalik hayotimizning o‘zida
Inson huquqlari haqida gap ketganda, tasavvurimiz faqat sud zali yoki jinoyat ishi bilan cheklanmasligi kerak. Pensiyaning o‘z vaqtida tayinlanishi ham huquq. Sifatli tibbiy va kommunal xizmatdan foydalanish ham huquq. Soliqning qonuniy hisoblanishi, subsidiya va imtiyozlarning adolatli qo‘llanishi ham huquq.
Yarim yil davomida 1 005 ta pensiya va ijtimoiy ta’minot, 1 440 ta kommunal xizmat, 1 373 ta soliq, 751 ta subsidiya va imtiyoz hamda 2 200 ta sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq masala hal etildi. Bu natijalar inson huquqlari tushunchasi bugun odamning kundalik turmushi, ijtimoiy himoyasi va munosib hayot kechirishi bilan chambarchas bog‘langanini ko‘rsatadi.
Qonun ustuvorligi natija bilan o‘lchanadi
Fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida 9 673 ta ta’sir chorasi qo‘llanildi. Jumladan, 5 008 ta taqdimnoma, 1 342 ta ogohnoma va 2 773 ta da’vo arizasi kiritildi. Murojaatlar ko‘rib chiqish tartibi hamda mehnat qonunchiligini buzgan mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi.
Bu yondashuv muammoni qayd etish bilan kifoyalanmasdan, uni yuzaga keltirgan sabablarni bartaraf etishga qaratilgan. Chunki qonun ustuvorligini balandparvoz iboralar emas, aniq natija namoyon qiladi: noqonuniy qaror bekor qilindimi, fuqaro o‘z haqqiga erishdimi?
Hisobot davrida 3 319 ta noqonuniy hujjat bekor qilindi, 4 888 ta hujjat qonunchilikka muvofiqlashtirildi. 352 nafar fuqaro asossiz jazodan ozod qilindi, 2 992 nafar shaxsga qonuniy imtiyozlar qo‘llanildi. Shuningdek, 606 nafar fuqaroning soliq qarzdorligi kamaytirildi yoki bekor qilindi, 410 nafar fuqaroning pensiyasi qayta hisoblandi, 288 nafar fuqaro esa ishga tiklandi.
Ana shu natijalar qonun ustuvorligining qog‘ozdagi qoida emas, inson hayotini o‘zgartiradigan real kuch ekanini tasdiqlaydi.
Eng oliy mezon
Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish endi shunchaki huquqiy shior emas. U davlat boshqaruvining kundalik mezoniga, har bir qarorning mazmuniga va har bir islohotning pirovard maqsadiga aylanmoqda.
2026-yilning birinchi yarim yilligida erishilgan natijalar adliya organlari faoliyati murojaatlarni ko‘rib chiqish bilangina cheklanmayotganini ko‘rsatadi. Asosiy e’tibor buzilgan huquqni amalda tiklash, qonun ustuvorligini ta’minlash va davlat organlarining fuqarolar oldidagi mas’uliyatini oshirishga qaratilgan.
Har bir tiklangan mehnat huquqi – bir oilaning farovonligi. Har bir qayta hisoblangan pensiya – qaror topgan adolat. Har bir bekor qilingan noqonuniy hujjat – qonun ustuvorligining amaliy ifodasi. Har bir yechim topgan murojaat esa Yangi O‘zbekistonda inson qadri eng oliy qadriyat ekanining yana bir tasdig‘idir.
Adliya vazirligi Inson huquqlarini
himoya qilish boshqarmasi
