O‘zbekiston va Koreya Respublikasi intellektual mulk sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlamoqda
2026-07-09 11:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Shveysariyaning Jeneva shahrida o‘tayotgan Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT)ga a’zo davlatlar Assambleyalarining 68-seriyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Adliya vaziri o‘rinbosari – intellektual mulk masalalari bo‘yicha milliy organ rahbari Muzraf Ikramov boshchiligida Koreya Respublikasi Intellektual mulk vaziri Kim Yong Sun bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida:
O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida intellektual mulk sohasidagi strategik hamkorlikning bugungi holati hamda uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi;
KOICA dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish” loyihasi yuqori baholanib, uni samarali davom ettirish bo‘yicha fikr almashildi;
Intellektual mulk huquqlari buzilishi natijasida yetkazilgan zararni baholash va qoplash mexanizmlarini takomillashtirish, mutaxassislar salohiyatini oshirish hamda ilg‘or Koreya tajribasini joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Koreya Respublikasi Intellektual mulk vazirligi o‘rtasida intellektual mulk sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumini imzolash bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar intellektual mulk sohasida institutsional hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalarni izchil amalga oshirish hamda tajriba almashishni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

