O‘zbekiston delegatsiyasi BIMT Assambleyalarining 68-seriyasi yig‘ilishlarida ishtirok etmoqda
2026-07-08 17:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Shveysariyaning Jeneva shahrida Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT)ga a’zo davlatlar Assambleyalarining 68-seriyasi yig‘ilishlari boshlandi.
Mazkur nufuzli xalqaro tadbirda O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Adliya vaziri o‘rinbosari – intellektual mulk masalalari bo‘yicha milliy organ rahbari Muzraf Ikramov boshchiligida ishtirok etmoqda.
Assambleya doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi BIMTning O‘tish davri va rivojlangan mamlakatlar bo‘yicha bo‘limi direktori Habip Asan bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida:
O‘zbekiston va BIMT o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi;
2026-yilning uchinchi choragidan boshlab geografik ko‘rsatkichlarni tijoratlashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirishga kelishib olindi;
O‘zbekistonning Lissabon bitimi doirasidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, xususan, milliy ekspertlar malakasini oshirish bo‘yicha BIMTning amaliy va ekspertlik ko‘magi davom ettirilishi muhokama qilindi.
Shuningdek, Habip Asan 2025-yilda Toshkent shahrida o‘tkazilgan “IP for Women” loyihasining yakuniy bosqichi yuqori saviyada tashkil etilganini alohida e’tirof etib, O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuv yakunida BIMT 2027–2030-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining intellektual mulk sohasini rivojlantirish bo‘yicha Milliy strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonida ekspertlik, metodik hamda texnik ko‘makni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqladi.
Tomonlar O‘zbekiston va BIMT o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada kengaytirish hamda intellektual mulk sohasidagi qo‘shma tashabbuslarni izchil amalga oshirishga kelishib oldilar.


