“Uddaburon” tadbirkor maqsadi amalga oshmay qoldi.
2026-06-09 10:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Hozirgi kunda ko‘plab tadbirkorlar o‘z brendini ro‘yxatdan o‘tkazib, uni rivojlantirish maqsadida moddiy resurslarini sarflayotgan bir vaqtda tayyor mahsulotdan ruxsatsiz foydalanishga urinayotgan ayrim “uddaburon” shaxslar afsuski yo‘q emas.
Shunday tadbirkorlardan biri “Y.W.” MChJ, tezda boyib ketish va katta foyda olish maqsadida “SAMSUNG ELECTRONICS CO. LTD” kompaniyasiga tegishli bo‘lgan “SAMSUNG” tovar belgisiga iste’molchini adashtirish darajasida o‘xshash bo‘lgan “samsyng” belgili elektronika mahsulotlarini respublikamiz hududiga olib kirishga uringan.
Holat yuzasidan “SAMSUNG ELECTRONICS CO. LTD” kompaniyasi sudga murojaat qildi va sudning 04.06.2026-yildagi qarori bilan “Y.W.” MChJning xatti-harakatlari intellektual mulk huquqlarining buzilishi deb topildi va “Y.W.” MChJ tomonidan xorijiy davlatdan import qilingan “samsyng” belgili elektronika mahsulotlariga nisbatan taqiq qo‘yildi hamda javobgardan sud xarajatlari undirilishi belgilandi.
Hurmatli tadbirkorlar! O'z brendingizni roʻyxatdan oʻtkazishingizni hamda brendingizdan noqonuniy foydalanish holatlariga duch kelganingizda Adliya vazirligining “1008” ishonch telefoni orqali xabar berishingizni yoki info@adliya.uz elektron pochta manzili orqali murojaat qilishingizni soʻraymiz!
