Germaniya xalqaro huquqiy hamkorlik jamg‘armasi (IRZ) bilan hamkorlikda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi tahririni ishlab chiqishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
2026-05-20 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Avval xabar berilganidek, 19–20 may kunlari Adliya vazirligida Germaniya xalqaro huquqiy hamkorlik jamg‘armasi (IRZ) bilan hamkorlikda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi tahririni ishlab chiqishga bag‘ishlangan xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.
Xususan, Germaniyaning ma’muriy huquqbuzarlik sohasidagi ilg‘or tajribasi, huquqni qo‘llash amaliyoti va ma’muriy javobgarlikni tartibga solishning samarali mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Germaniya sud-huquq tizimida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan xalqaro ekspert Volfgang Zivert tomonidan Germaniya ma’muriy javobgarlik huquqining o‘ziga xos xususiyatlari, xususan, ma’muriy va jinoiy javobgarlik o‘rtasida chegaralarni belgilash, ma’muriy organlar va sudlar o‘rtasida vakolatlarni taqsimlash va sud nazoratining samarali mexanizmlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Bundan tashqari, Germaniya va O‘zbekistonda ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish jarayonlari amaliyotdagi aniq keyslar misolida muhokama qilindi, shuningdek, Germaniyada ma’muriy javobgarlik tizimida yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning javobgarligi, ma’muriy organlar tomonidan ishlarni mutanosiblik prinsipi asosida ko‘rib chiqish masalalari hamda ma’muriy ish yuritishni raqamlashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Ta’kidlash joizki, seminar doirasida adliya vazirining birinchi o‘rinbosari M.Istamov Germaniya xalqaro huquqiy hamkorlik jamg‘armasining (IRZ) O‘zbekistondagi loyihalari rahbari F.Hupfeld bilan muloqot o‘tkazdi.
Suhbat davomida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Germaniya xalqaro huquqiy hamkorlik jamg'armasi (IRZ) o‘rtasida 2026-yilning ikkinchi yarmiga mo‘ljallangan hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Seminar yakunida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi tahririni ishlab chiqishga qaratilgan amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.









