Germaniya xalqaro huquqiy hamkorlik jamg‘armasi (IRZ) bilan hamkorlikda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi tahririni ishlab chiqishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
2026-05-19 17:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugun Adliya vazirligida Germaniya xalqaro huquqiy hamkorlik jamg‘armasi (IRZ) bilan hamkorlikda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi tahririni ishlab chiqishga bag‘ishlangan ikki kunlik xalqaro seminarning birinchi kuni bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Adliya vazirligi, Oliy sud, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi vakillari, shuningdek, Odil sudlov akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, IIV Akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti hamda Toshkent davlat yuridik universitetining professor-o‘qituvchilari va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Seminar davomida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi tahririni ishlab chiqishda ustuvor yo‘nalishlar hamda sohani isloh qilishning konseptual yondashuvlari muhokama qilindi.
Xususan, Germaniyaning ma’muriy huquqbuzarlik sohasidagi ilg‘or tajribasi, huquqni qo‘llash amaliyoti va ma’muriy javobgarlikni tartibga solishning samarali mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Germaniya sud-huquq tizimida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan xalqaro ekspert Volfgang Zivert tomonidan Germaniya ma’muriy javobgarlik huquqining o‘ziga xos xususiyatlari, xususan, ma’muriy va jinoiy javobgarlik o‘rtasidagi aniq chegaralarni belgilash, ma’muriy organlar va sudlar o‘rtasida vakolatlarni taqsimlash va sud nazoratining samarali mexanizmlari to‘g‘risida ma’lumot berildi
Eslatib o‘tamiz, seminar ikki kun davomida o‘tkazilib, uning yakunida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi tahririni ishlab chiqishga qaratilgan amaliy taklif va tavsiyalarni shakllantirish ko‘zda tutilgan.








