Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi delegatsiyasi a’zolari Janubiy Koreya Respublikasining Seul shahrida.
2026-05-19 09:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Ayni kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi delegatsiyasi tarkibidagi “Adolat”milliy-huquiy axborot markazi a’zolari Janubiy Koreya Respublikasining 2025/2026-yillarga moʻljallangan KSP (Knowledge Sharing Program) bilimlar almashinuvi dasturi doirasida huquqiy axborotni tarqatishda zamonaviy tizimlar hamda sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish boʻyicha Koreya tajribasini oʻrganish maqsadida Seul shahrida boʻlib turibdi.
Xizmat safari doirasida delegatsiya a’zolari Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi, Konstitutsiyaviy sudi, Davlat qonunchiligi vazirligi, Koreya huquqiy axborot markazi hamda shu yo‘nalishlarda dasturiy mahsulot ishlab chiquvchi IT kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Dasturning ilk kunida Koreyaning qonunchilik tizimi, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va ularga oʻzgartirish kiritishda raqamli texnologiyalardan foydalanish amaliyoti, huquqiy axborotni aholiga yetkazishning zamonaviy mexanizmlari hamda ushbu yoʻnalishdagi ilgʻor tajribalar boʻyicha taqdimotlar oʻtkazildi.
Shuningdek, Koreya qonunchilik tadqiqotlari instituti ekspertlari bilan norma ijodkorligi jarayonida ilmiy-tahliliy institutlarning roli, huquq ijodkorligida raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektdan foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashilmoqda.
Mazkur xizmat safaridan koʻzlangan asosiy maqsad — tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, huquqiy axborotni raqamli boshqarish, huquq sohasida sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash hamda norma ijodkorligi jarayonlarini modernizatsiya qilish boʻyicha oʻzaro tajriba almashishdan iborat.





