Shartnoma ortidagi qasd: firibgarlikka qarshi huquqiy yondashuvni qayta ko‘rib chiqish vaqti keldimi?
2026-04-30 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari
So‘nggi yillarda huquqni qo‘llash amaliyotida bir qarashda oddiy, aslida esa tizimli muammoga aylangan holat tobora ko‘p uchramoqda. Ya’ni o‘zgalar mulkini qo‘lga kiritish niyatida tuzilgan, lekin “shartnoma” niqobi ostida yashiringan firibgarliklar haqida so‘z bormoqda.
Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi kunda fuqarolik-huquqiy bitimlar niqobi ostida firibgarlik jinoyatini amalga oshirish hollari ko‘payib bormoqda. Muammo shundaki, o‘rtada shartnoma mavjud bo‘lsa, ko‘p hollarda bu ishni fuqarolik-shartnomaviy munosabat deb malakalashga formal asos sifatida qabul qilinmoqda va qilmishning asl mazmuni – ya’ni jinoiy qasd yetarlicha baholanmayapti.
Formal yondashuvning oqibatlari
Yashnobod tumani misolida o‘tkazilgan tahlil vaziyatning naqadar jiddiy ekanini yaqqol ko‘rsatadi. 2025-yilda mazkur hududda an’anaviy (ya’ni kiber firibgarlikdan tashqari) firibgarlik holatlari bo‘yicha kelib tushgan murojaatlarning atigi 9 foizi sudgacha yetib borgan . Qolgan holatlarda esa ish jinoyat sifatida baholanmasdan, fuqarolik-huquqiy munosabat sifatida rad etilgan yoki tugatilgan.
Bu birgina tumandan olingan raqamlar. Respublika miqyosida esa holat yanada tashvishli:
2010-yilda firibgarlikka oid ishlar umumiy jinoyatchilikning 8,7 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib ushbu turdagi ishlar 5,6 baravarga oshib, umumiy jinoyatchilikning 28,5 foizini, shu jumladan Toshkent shahrida 39,5 foizini tashkil qilmoqda.
Bu raqamlar bir narsani anglatadi: mavjud huquqiy yondashuv amalda yetarli samara bermayapti.
Muammoning ildizi – shartnoma emas, niyatda
Amalda shakllangan yondashuvga ko‘ra, agar taraflar o‘rtasida shartnoma yoki tilxat mavjud bo‘lsa, nizo avtomatik ravishda fuqarolik-huquqiy munosabat sifatida baholanadi. Bu yondashuv 2009-yilda qabul qilingan Oliy sud Plenumi qarori bilan ma’lum ma’noda asoslangan edi.
Biroq vaqt o‘tishi bilan ushbu formal mezon ayrim shaxslar tomonidan jinoiy qasdni yashirish vositasiga aylanib qoldi. Ya’ni, shaxs avvalo mulkni egallashni rejalashtiradi, keyin esa bu harakatni “qonuniy ko‘rinishga” keltirish uchun shartnoma tuzadi yoki tilxat yozib beradi.
Shu tariqa shartnoma huquqiy himoya vositasidan firibgarlik instrumentiga aylanmoqda.
Fuqarolik sudi – yechim emas
Ko‘p hollarda jabrlanuvchilarga fuqarolik sudiga murojaat qilish tavsiya etiladi. Biroq amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, bu mexanizm ham har doim samarali emas.
So‘nggi 5 yilda shartnomaviy nizolar bo‘yicha ishlar 4 baravarga oshgan bo‘lib, salmoqli miqdordagi ijro ishlari qarzdorda mulk mavjud emasligi sababli bajarilmasdan undiruvdan qaytarilmoqda.
Ya’ni, sud qarori chiqadi, lekin uni ijro etish imkoni bo‘lmaydi. Bu esa fuqarolar uchun amalda adolat tiklanmaganini anglatadi.
Bundan tashqari, ayrim hollarda fuqarolar davlat bojidan to‘lashdan qochib, firibgarning “qarzi”dan kechib yuborishni afzal ko‘radi. Bu esa, firibgarlarda qayta jinoyat sodir etishga bo‘lgan qiziqishni oshiradi.
Qonun ishlamagan joyda “ko‘cha qonunlari” paydo bo‘ladi
Eng xavfli tendensiya shundaki, huquqiy mexanizmlar samara bermagan joyda noqonuniy usullar paydo bo‘ladi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, qarzni undirish masalasi ayrim hollarda zo‘ravonlik, talonchilik va hatto odam o‘limi bilan yakunlanmoqda. Shuningdek, noqonuniy kollektorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhlar faollashgani qayd etilgan.
Bu esa birlamchi fuqarolik nizosi yetarli huquqiy baho olmagani sababli, keyinchalik yanada og‘ir jinoyatlarga transformatsiya bo‘layotganini ko‘rsatadi.
Pulini undirishda davlatdan ko‘mak ololmaganligi sababli fuqarolar ko‘p hollarda pulini mustaqil undirishga harakat qiladi. “Mol achchig‘i – jon achchig‘i” deganlaridek, fuqarolar “qarzdor” bilan tortishuvga borib, ushbu janjallar ko‘p holda bir-birini haqoratlash, tan-jarohatlari yetkazish, jumladan pichoqlash va ayrim holatlarda firibgar va uning yaqinlariga tegishli mol-mulkni tortib olish, hattoki firibgarni o‘ldirish ortidan o‘zlari ham jinoyatchiga aylanib qolmoqda.
Xorij tajribasi: aniq mezonlar – samarali himoya
Qiyosiy tahlil shuni ko‘rsatadiki, ko‘plab davlatlarda firibgarlikni aniqlashda shartnoma mavjudligi emas, balki uning ortidagi niyat asosiy mezon sifatida qaraladi.
Jumladan, AQSH qonunchiligida “false promise” – ya’ni yolg‘on va’da orqali mulkni qo‘lga kiritish mustaqil firibgarlik usuli sifatida belgilangan. Xitoyda esa shartnoma munosabatlari doirasidagi firibgarlik alohida tartibga solinib, uning aniq usullari qonun darajasida ko‘rsatib o‘tilgan .
Singapur, Hindiston va Malayziya kabi davlatlarda ham shaxsning shartnoma tuzish paytidayoq majburiyatni bajarish niyati mavjud emasligi firibgarlikning asosiy belgisi sifatida qaraladi.
Bu yondashuvning afzalligi shundaki, u formal mezonlarga emas, balki voqelikka asoslanadi.
Taklif etilayotgan yondashuv: mazmunga qarab baholash
Shu nuqtai nazardan, Jinoyat kodeksining 168-moddasiga firibgarlikning mohiyatini ochib beradigan o‘zgartish kiritish amaldagi muammolarga munosib javob bo‘lar edi.
Ushbu o‘zgartish – “shartnoma panasidagi firibgarlik”ni yangi jinoyat turi sifatida joriy etish emas, balki amalda allaqachon mavjud bo‘lgan, lekin huquqiy jihatdan yetarlicha aks etmagan usulni aniq belgilashga qaratilgan bo‘lishi kerak.
Ya’ni, agar shaxs bitim tuzish paytidayoq uni bajarmaslik niyatiga ega bo‘lsa yoki bitimning bajarilmasligi oldindan ayon bo‘lgan bo‘lsa, bunday holat fuqarolik-huquqiy munosabat emas, balki firibgarlik sifatida baholanishi lozim.
Bu yondashuv “har qanday bajarilmagan shartnoma – jinoyat” degan ma’noni anglatmaydi, albatta. Aksincha, u faqat aldash orqali mulkni egallash holatlarini aniq ajratib beradi.
Aniq mezonlar – adolatli qarorlar
Tergov amaliyoti uchun ham aniq mezonlar belgilanishi zarur bo‘ladi. Tergovchi ishni baholashda ulardan foydalanishi mumkin.
- shartnoma tuzilgan paytda resurslar mavjud emasligi;
- “bir kunlik” korxonalar orqali faoliyat yuritilgani;
- mablag‘larni shartnoma maqsadlaridan chetga yo‘naltirish;
- soxta hujjatlar orqali ishonchga kirish;
- qisman to‘lov orqali “faoliyat ko‘rsatgandek” ko‘rinish berish;
- mablag‘ olingandan so‘ng aloqani uzish yoki yashirinish.
Bu kabi mezonlar qilmishga huquqiy baho berishda subyektivlikni kamaytirib, yagona amaliyotni shakllantirishga xizmat qilar edi.
Xulosa
Firibgarlik – statik emas, balki doimiy ravishda o‘zgarib boruvchi jinoyat turi. Bugun u oddiy aldov emas, balki shartnoma, hisob-faktura, elektron yozishmalar orqali amalga oshirilmoqda. Shu bois, qonunlar ham bu o‘zgarishlarga mos ravishda takomillashtirilishi zarur.
Taklif etilayotgan yondashuvning asosiy maqsadi – fuqarolik-huquqiy munosabatlarni kriminalizatsiya qilish emas, balki shartnoma niqobi ortidagi jinoiy qasdni ochishdir.
Eng muhimi, bu o‘zgartishlar orqali oddiy fuqaro o‘z huquqlari qog‘ozda emas, amalda himoya qilinishini his qila boshlaydi. Bu esa huquq ustuvorligiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Maqola muallifi:
Kurbanov Maʼrufjon
TDYU professori v.b., PhD
