Aydar-Arnasoy ko‘llari hududida qushlarni kuzatish tadbirlari bo‘lib o‘tdi
2025-10-06 14:00:00 / Yangiliklar

3–4 oktyabr — “Butunjahon qushlarni kuzatish kunlari” munosabati bilan o’tkazilgan press-turda vazirlik huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti, Aydar-Arnasoy ko’llar tizimi bo’limi va Forish davlat o’rmon-ovchilik xo’jaligi xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida qushlarni tabiiy muhitda kuzatish, ko’llar bo’ylab qayiqda sayohat va Aydar-Arnasoy ko’llar tizimi hamda undagi qushlar haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, hududning ekoturizm salohiyati ham keng targ‘ib qilindi.
Ma’lumot uchun, Aydar-Arnasoy koʻllari Oʻzbekistonning Jizzax va Navoiy viloyatlari hududida joylashgan boʻlib, Ramsar konvensiyasining suv-botqoq yerlari roʻyxatiga kiritilgan. Bu yerlarning hayratlanarli, betakror manzaralariga qarab, cho‘l o‘rtasida, Arnasoy pasttekisligida: Och dasht va Qizilqum cho‘li o‘rtasida ekanligiga ishonish qiyin. Aydar-Arnasoy tizimiga Aydarkoʻl, Tuzkon va Sharqiy Arnasoy koʻllari kiradi. Ko‘llarning umumiy maydoni 4 ming kvadrat kilometrni tashkil qiladi.
Sharqiy Arnasoy koʻllari Jizzax viloyatidagi Chordaryo suv omborining janubiy-gʻarbida joylashgan. Oʻtgan asrning 50-yillarigacha Sharqiy Arnasoy koʻllarining o‘rnida qurib qolgan shoʻr koʻl boʻlgan, u pasttekislikda faqat bahorda paydo boʻlib, havo isishi bilan yana yoʻqolib qolgan. Och dashtning oʻzlashtirilgan yerlaridan kollektor-drenaj oqimi va Chordara suv omboridan oqib tushadigan sel suvlarining quyilishi natijasida vaziyat oʻzgardi. Bora-bora Arnasoy pasttekisligi to‘la boshladi, Aydar havzasi esa suvga to‘ldi. Shu tariqa Aydarko‘l ko‘li paydo bo‘ldi. 1969-yilda Chordara suv omboridan suv quyilishi natijasida Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi va Tuzkon koʻli vujudga keldi. Go‘zal manzarali maskan baliq va ko‘chmanchi qushlarning sevimli makoniga aylandi.
Arnasoy koʻllarining qirgʻoqlarida qamish, turanga, chakan, yulg‘un kabi o‘simlilklardan iborat zich chakalakzorlarni koʻrish mumkin. O‘nlab turdagi qushlar, jumladan, baliqchi qushlar, qarqaralar, o‘rdaklar, haqqushlar va boshqalar toʻqayzorlardan boshpana topadilar.
Shuningdek, Aydar-Arnasoyda noyob qushlar: pushti saqoqqush, jingalak saqoqqush, kulrang g‘oz, suralay g‘oz, qiliz o‘rdak, qo‘ng‘ir o‘rdak, qizilbosh, olmabosh, oqko‘z, so‘fto‘rg‘ay, sariq sor, suqsun, saxro lochini, qirg‘iy, miqqiy, oq dumli burgut, qora kalxat va haydarkokil kabilarni uchratish mumkin.









