Farg‘onada daraxt kesgan fuqaro 45 million so‘m tovon to‘lab, 100 tup daraxt ekadigan bo‘ldi
2024-03-26 13:40:00 / Yangiliklar
Farg‘ona viloyati Ekologiya boshqarmasi Marg‘ilon shahar bo‘limiga shahar bolalar shifoxonasi hududida daraxtlar kesilayotganligi haqida murojaat kelib tushdi.
Murojaat o‘rganilganida shifoxona hududida texnik xodim M.I. tomonidan bir tup o‘rmon fondiga kirmaydigan ko‘p yillik sasna daraxti hech qanday ruxsatnomasiz kesilganligi aniqlandi.
Ma'lumot uchun, 18-mart kuni shahar ekologiya bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan daraxtlarni kesmaslik to‘g‘risida ogohlantirish xati berilgan. Ammo xodim bunga amal qilmagan.
Daraxt kesilishi natijasida tabiatga 36 million 500 ming so‘m zarar yetkazilganligi ma'lum bo‘ldi. Shuningdek, huquqbuzarga nisbatan MJtKning 79-moddasi 1-qismiga asosan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning 25 baravari — 8 million 500 ming so‘m miqdorida jarima belgilandi. M. I. qilmishi uchun jami 45 million so‘m to‘laydigan bo‘ldi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-avgustdagi "Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish va ulardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida"gi 464-son qaroriga asosan huquqbuzarga 100 tup daraxt ko‘chatini kompensatsiya tarzida ekish hamda ularni kamida 3 yil parvarish qilish majburiyati yuklatildi.